Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy sport zali o‘quvchilar ixtiyorida
12:49 / 2022-05-12

Buxoro shahridagi 10-umumta’lim maktabida ixtisoslashtirilgan zamonaviy sport zali ochildi.

Unda Dzyudo federatsiyasi mas’ullari, viloyat xalq ta’limi, sportni rivojlantirish boshqarmalari, Buxoro shahridagi umumta’lim maktablari rahbarlari ishtirok etdi. 

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida sportni rivojlantirish, yosh iqtidorli sportchilarni kashf etish, ular uchun zamonaviy sport inshootlari barpo etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Xususan, so‘nggi besh yillikda birgina Buxoro viloyatida 21 ta sport inshooti foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga ayni paytda Buxoro shahrida “Universal” sport majmuasi, Boks mahorat maktabi yangidan qurilmoqda. Vobkent tumanida “Kumushkent” sport majmuasi, G‘ijduvon tumani olimpiya va milliy sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati, Olot tumani markaziy o‘yingohi rekonstruksiya qilinmoqda. 

Buxoro shahridagi 10-umumta’lim maktabi o‘quvchilari, qolaversa, mahalla yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishi  imkonini beradigan sport zali O‘zbekiston Dzyu-do federatsiyasining 3 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i evaziga qurildi. Viloyat markazida aynan dzyu-do bo‘yicha sport majmuasining foydalanishga topshirilganligi bejiz emas. Negaki, dzyu-do olimpiya sport turlari orasida boks bilan birga Buxoroda eng rivojlangan sport turlaridan biri hisoblanadi.

Xususan, dzyu-do sport turi bo‘yicha Farhod To‘rayev, Kamol Murodov, Rishod Sobirov, Ramziddin Saidov, Sherzod Namozov, Shirin Sharipov, Sharif Xalilov, Shuhrat Boboyev, Mirali Sharipov singari buxorolik nomdor sportchilar jahon va olimpiada, paralimpiya musobaqalarida yuqori natijalarni qayd etgan. Ayni paytda ham viloyatda dzyu-do turi bo‘yicha 82 nafar trener qo‘l ostida 2 ming 430 nafar o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanmoqda. Ular orasida milliy terma jamoasi a’zolari Shahram Ahadov, Bahrom Botirov, G‘iyosjon Boboyevlar Parij shahrida bo‘ladigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma beradigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. 

Ochilish marosimida Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov, viloyat hokimi Botir Zaripov ham ishtirok etdi.

Zarif Komilov, O‘zA