Sirdaryo viloyatidagi Guliston Olimpiya va paraolimpiya sport turlariga tayyorlash markazining Velosiped sporti bo‘limi o‘quvchilariga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tomonidan 10 dona sport velosipedi topshirildi.
Velosipedlar Italiyada karbon materialidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, yengilligi va sportchilar uchun qulayligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, ular shosse yo‘nalishidagi musobaqalarda yuqori natija ko‘rsatish imkonini ham yaratadi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi rahbari Anvar Bo‘ronov va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining viloyat ijrochi direktori Bahodirxo‘ja Eshonovlar ishtirok etishdi. Ular sportchilarga zamonaviy velosipedlardan samarali foydalanish hamda Bahraynda bo‘lib o‘tadigan 3-chi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi nomidan ishtirok etadigan 17 yoshli sirdaryolik sportchilar — Dilnuraxon Mirzavaliyeva, Madina Anvarova va Sabrina Altinbekovaga tayyorgarlikni kuchaytirish borasida tavsiya va maslahatlar berishdi.

Tadbirda velosportchi Fazliddin Ergashev ham o‘z minnatdorchiligini bildirib: – Bu zamonaviy velosipedlar menga va jamoamizga xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishda katta imkoniyat yaratadi, – dedi u.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri