Yoshlar salomatligini mustahkamlash va aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida mamlakatimizning turli hududlarida yangi sport inshootlari barpo etilmoqda.
Farg‘ona shahrining Huvaydo mahallasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligining “Tashabbusli sport” ovoz to‘plash loyihasi doirasida qurilgan zamonaviy strit vorkaut sport maydonchasi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Tadbirda sport maktabi vakillari, nuroniylar, o‘quvchilar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bu ochiq havoda jismoniy mashqlar bajarish uchun maxsus jihozlangan maydoncha bo‘lib, unda turli xil turniklar, bruslar, rukoyatkalar, qurilmalar, sport anjomlari o‘rnatiladi.

“Strit vorkaut” (inglizcha street workout — “ko‘cha mashqlari”) — bu fitnesning bir yo‘nalishi bo‘lib, asosan o‘z tanasi og‘irligi bilan mashq qilish usuliga asoslanadi. Masalan, turnikda tortishish, bruslarda ko‘tarilish, press qilish, badanni chiniqtiruvchi turli mashqlarni bajarish.

Mazkur maydoncha yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratadi.
N. Rahmonova, O‘zA