Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy sport inshootlari soni ortmoqda
18:20 / 2026-02-12

Mamlakatimizda barcha sohalar qatori sportga ham alohida e’tibor qaratilib, yoshlarni sportga keng jalb etish, ular orasidan yurtimiz shuhratini dunyoga tanitadigan sportchilarni yetishtirib chiqarish yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan sport sohasida olib borilayotgan islohotlarning borishini keng jamoatchilikka tanishtirish maqsadida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Yerkinbay Qutibayev so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida sport sohasini yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va qo‘llab-quvvatlanishi natijasida qoraqalpog‘istonlik sportchilarning Osiyo va jahon chempionatlari, xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlariga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, 2025-yilda qoraqalpog‘istonlik sportchilar O‘zbekiston, Osiyo, jahon chempionatlari va kuboklari, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, 3 ming 851 ta medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi tarkibiga 959 nafar sportchi (548 nafari asosiy va 411 nafari zaxira tarkibiga) yetkazib berildi. Bugungi kunda yengil atletika, suzish, boks sport turlaridan Rossiya va boshqa hududlardan tajribali murabbiylar taklif etilmoqda.

2028-yili AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini har tomonlama puxta tayyorlashni tashkil etish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, qoraqalpog‘istonlik sportchilardan mazkur Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish uchun 52 nafar sportchi (35 nafari Olimpiya va 17 nafari Paralimpiya o‘yinlariga) qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Shu bilan birga so‘nggi yillari Orolbo‘yida sport inshootlarini qurish va rekonstruksiya ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrdagi “2024 – 2026-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida jami 4 ta sport ob’ektiga 52,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, 3 ta ob’ektda qurilish ishlari to‘liq yakunlandi. Shundan, Nukus shahri “Turon” stadionini rekonstruksiya qilish, Nukus shahri “Qo‘sbuloq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi futbol akademiyasini kapital ta’mirlash, Nukus shahri “Taxiatosh guzari” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Kurash mahorati” sport maktabini qurish, Nukus shahri Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.

– O‘n olti yildan buyon sport gimnastikasi bilan muntazam shug‘ullanib kelaman, – deydi sport ustasi Bogdan Boboniyazov. – O‘tgan yillar mobaynida Rossiya Federatsiyasi, Chexiya Respublikasida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egalladim. Hozirda, yangi qurib berilgan gimnastika markazi barcha inventarlar bilan ta’minlangan, xalqaro talablarga javob beradi. Biz yoshlarga shunday sharoit yaratib bergan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

Nukus shahrida Kurash mahorat maktabining foydalanishga topshirilishi sportga bo‘lgan e’tiborning yorqin misolidir. Kurash maktabi 2 milliard 145 million 346 ming so‘mlik zamonaviy inventar bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda maktabda sportning kurash, erkin kurash, ayollar kurashi, yunon-rum kurashi turlari 10 nafar murabbiy ustozlik qilmoqda. 2025-2026 o‘quv yiliga Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlaridan 110 nafar o‘quvchi qabul qilinib, shundan, 90 nafari Nukus shahridagi 55-sonli umumta’lim maktabiga o‘qishga joylashtirildi. O‘quvchilar yotoqxona, besh mahal ovqat, tibbiy xizmat, kutubxona va boshqa qulayliklar bilan to‘liq ta’minlangan. Murabbiylar tomonidan kuniga ikki mahal o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazib kelinmoqda.

Ommaviy axborot vositalari vakillari yaqinda foydalanishga topshirilgan Gimnastika markazi hamda Kurash mahorat maktabida yosh sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.