Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 20-umumta’lim maktabida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida yopiq sport maydoni qurilib, foydalanishga topshirildi.
Umumiy maydoni 24x42 metrni tashkil etadigan zamonaviy inshoot “Sardor Javohiri” korxonasi quruvchilari tomonidan 1,3 milliard so‘m mablag‘ evaziga qisqa muddatda barpo etildi.

Sport maydonining ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’kidlanganidek, foydalanishga topshirilayotgan o‘yingoh yoshlarni sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Qizim Ziyodaxon 20-maktabning 10-sinfida o‘qiydi, – deydi Sanjar Esanov – U sport bilan muntazam shug‘ullanadi. Yaqinda dzyudo sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Bahrayn davlatida bo‘lib o‘tadigan nufuzli musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan edi. Yoshlar ixtiyoriga berilayotgan ushbu sport maydonida ham ko‘plab yoshlar shug‘ullanib, yurtimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilar bo‘lib yetishib chiqishiga ishonaman.

Endilikda ushbu sport inshootida uchquduqlik yoshlar yilning istalgan faslida nafaqat mini-futbol, balki qo‘l to‘pi, kurash, stol tennisi, voleybol kabi o‘nlab sport turlari bilan ham shug‘ullanishi mumkin.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri