English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy sharoitlar – xalq xizmati uchun
12:20 / 2026-02-04

Buxoro viloyati Kogon shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari uzoq yillar davomida eskirgan binoda faoliyat yuritib keldi. Eski binoda ishlash ham xodimlar uchun noqulay, ham aholiga xizmat ko‘rsatish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga keldi. Shu bois so‘nggi qisqa davr mobaynida mazkur binoda keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Inshootni foydalanishga topshirish munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Botir Zaripov yangi bino nafaqat zamonaviy infratuzilma ob’ekti, balki xalqqa xizmat qilish, qonuniylik va adolatni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.

Uch qavatli inshoot zamonaviy talablar asosida tubdan yangilanib, bugungi kunda ichki ishlar bo‘limi nafaqat xizmatchilar, balki fuqarolar uchun ham har tomonlama qulay va zamonaviy sharoitlarga ega bo‘ldi. Binoda hududdagi tezkor vaziyatni muntazam tahlil qilish, jinoyatchilikning oldini olish, kuch va vositalarni samarali boshqarish, aholi murojaatlariga tezkor javob berish uchun barcha zarur imkoniyatlar yaratilgan.

Inshootda navbatchilik qismi uchun alohida xonalar, boshqaruv punkti, arxiv bo‘limi, jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish uchun maxsus qabulxona tashkil etildi. Xizmat xonalari yangi mebellar, kompyuter jamlanmalari, isitish hamda yozgi sovitish tizimlari bilan to‘liq ta’minlandi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, elektr ta’minoti, isitish va ventilyatsiya tizimlari ham qayta ko‘rib chiqilib, zamonaviy standartlarga mos ravishda yangilandi.

Binoning tashqi va ichki qismlari, shuningdek, shaharning asosiy chorrahalari hamda yirik ko‘chalar raqamli videokuzatuv kameralari bilan jihozlandi. Bu orqali bo‘linma navbatchilik qismida tunu-kun nazorat olib borish imkoniyati yaratildi.

Qurilish-ta’mirlash ishlari “Sayyod invest qurilish loyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyatning loyiha-muhandislari va quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Mazkur ishlarga jami 2 milliard 800 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri