Buxoro viloyati Qorako‘l tumanining chegaraoldi hududlardan biri hisoblangan “Chandirobod” mahalla fuqarolar yig‘inida zamonaviy talablarga javob beradigan oilaviy shifokorlik punkti foydalanishga topshirildi.
– Chandirobod aholisi yillar davomida 1978 yillarda qurilgan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eski binoda xizmat olib kelayotgan edi. Aholining sayyor qabullarda bildirgan murojaatlarini inobatga olib, yangi shifokorlik punktini qurish ishlari dasturga kiritildi. Bugun biz nafaqat yangi binoni topshiryapmiz, balki inson salomatligiga qaratilgan e’tiborning amaliy ifodasini ko‘ryapmiz, – deydi tuman hokimi Xurshid Toxirov.


Haqiqatan ham, 50 qatnovga mo‘ljallangan yangi bino zamonaviy tibbiyot muassasasiga xos barcha sharoitlarga ega. Yorug‘ va issiq xonalar, qabul bo‘limlari, emlash xonasi, patronaj xonalari, keng kutish zali, shuningdek, zarur diagnostika jihozlari o‘rnatildi. Bu esa tibbiyot xodimlarining samarali faoliyat yuritishi, aholining esa qulay va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.


Shuningdek, muassasa to‘liq “Davlat tibbiy xizmatlari raqamlashtirish tizimi”ga ulangan. Endilikda bemorlar navbatda ortiqcha vaqt yo‘qotmaydi, barcha jarayonlar elektron tarzda amalga oshiriladi. Ko‘rsatiladigan xizmatlar esa tez, shaffof va bepul tarzda taqdim etiladi.

Yangi bino 1,5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan barpo etilgan bo‘lib, mazkur loyiha davlatimiz rahbari tomonidan aholining, ayniqsa, olis va chegara hududlarida yashovchi fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan tizimli islohotlarning amaliy natijalaridan biridir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.