Prezident tashrifidan so‘ng...
Foydalanishga topshirilgan yangi uylar soni 326 mingta. Mamlakatimiz qurilish sanoatining so‘nggi olti yili bilan bog‘liq bo‘lgan bu raqam hazilakam ko‘rsatkich emas.
Yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari haqida gap ketganda yana qanchadan-qancha ijtimoiy soha ob’ektlari, tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlari qad rostlagani haqida gapirish mumkin. Shunchaki gapirish esa juda oson.
Bu mavzu haqida so‘z ochilganda qurilish materiallari ishlab chiqarish bilan bog‘liq islohotlar, tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlarga to‘xtalish zarur.
So‘nggi yillarda bu sohaga ham bozor tamoyillari joriy qilindi. Natijada yuzlab xususiy buyurtmachi kompaniyalar yuzaga keldi. Ko‘p qavatli uy quruvchi yirik klasterlar shakllandi. Yaratilgan sharoit imkoniyatlar eshigini ochdi. Qurilishdagi eng zarur mahsulotlar – gazoblok, sement, keramogranit, kafel ishlab chiqarish hajmi ortdi. Hajm ortishi esa narx arzonlashishiga xizmat qilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 7 aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifi muhim voqealarga boy bo‘ldi. Davlat rahbari tashrif davomida hududdagi oltita yangi korxonani videoaloqa orqali ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.
Bu korxonalar orasida Sayxunobod tumanidagi “Toshkent siti gold blok” mas’uliyati cheklangan jamiyatining yiliga 300 ming metr kub gazoblok ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonasi ham bor.
Qurilishda gazoblokdan keng foydalanish sohada energiya tejovchi, zamonaviy materiallar hayotga tatbiq qilinayotganini anglatadi. Keling, shu fikrni biroz izohlashga harakat qilamiz.
Gazoblok – sun’iy tosh, zamonaviy qurilish materiali. Zarur darajada mustahkam, lekin yengil, issiq-sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘lgan mahsulot sanaladi.
Manbalarda bir metr kub pishiq g‘isht bir yarim-ikki tonnagacha yuk bosishi ko‘rsatilgan. Shu hajmdagi gazoblokning og‘irligi esa besh yuz kilogramdan ortiqroq bo‘lishi mumkin.
Bu mahsulotdan foydalanish inshoot tannarxining arzon bo‘lishi, bunyodkorlik ishlarining tez va sifatli borishida muhim omil bo‘ladi. Rivojlangan davlatlarda g‘isht o‘rniga energiya tejamkor gazoblokdan ishlatish keng ommalashganining sababi ham shunda. Mamlakatimizda ham ushbu qurilish materialini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni ortayotgani quvonarli.
– Ushbu yirik loyihaning umumiy qiymati 11 million 500 ming dollarni tashki etadi, – deydi korxona rahbari Akmaljon Bo‘riyev. – Buning uchun 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirildi. Korxonamizga Xitoy hamda Erondan eng zamonaviy uskunalarni olib kelib o‘rnatganmiz. Bu nafaqat mahsulot sifati, balki ish unumdorligiga ham xizmat qiladi. Yiliga 55 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga egamiz. Gazobloklar nafaqat ichki bozorga chiqariladi, balki qo‘shni davlatlarga ham eksport qilinadi. Eksport hajmi 1 million dollar bo‘lishi kutilmoqda.
Yana bir muhim tomoni yangi korxonada 100 nafar sirdaryolik yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.
Toshkent, Buxoro va Andijon kabi viloyatlarda ham mazkur yo‘nalishdagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda. Bu, albatta, mamlakatimiz qurilish sanoati rivojiga xizmat qiladi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA