“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan OAV vakillari uchun “YTONG” brendi ostida avtoklav gazobeton bloklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «AKFA BUILDING MATERIALS» MCHJ ga press-tur tashkil etildi.
Unda korxona faoliyati va ishlab chiqarish quvvati haqida qisqacha ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan «AKFA BUILDING MATERIALS» MCHJ avtklav gazobeton ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bu yerda yiliga 500 ming metr kub gazobeton ishlab chiqariladi. Germaniya texnologiyalari asosida ishlaydigan korxonada ishlab chiqarish to‘liq avtomatlashtirilgan. Bu yerda 150 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

E’tiborlisi, korxonada tayyorlangan mahsluotlarga nafaqat mahalliy bozorda, balki qo‘shni davlatlarda ham talab yuqori. Hozirda Qozog‘iston va Qirg‘iziston Respublikasi tadbirkorlari bilan shartnomalar imzolangan.
Press-tur davomida OAV vakillari uchun avtoklav gazobeton bloklarining xususiyatlari, turlari va uning ishlatilishi haqida ko‘rgazma tashkil etildi. Mutaxassislar sinov jarayonlarini amaliy namoyish etishdi.

– Ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilganimiz tufayli jahon standartlariga mos mahsulot ishlab chiqarishga erishmoqdamiz, – deydi korxona direktori Ayubxon Nuritdinov. – Xom ashyoni ilm-fan yutuqlari asosida chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, mahsulotlar tannarxini pasaytirish va qo‘shilgan qiymat xosil qilish bo‘yicha soha olimlari bilan hamkorlikda ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda.
Qayd etish joizki, gazobeton – g‘ovak betonning bir turi bo‘lib, zamonaviy qurilish materiali hisoblanadi. Uni ba’zan “sun’iy tosh” deb ham atashadi. Oddiy betondan farqi – tarkibida 1-3 millimetrli pufaklar mavjud bo‘lib, ular tufayli beton yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga ega bo‘ladi. Shuningdek, uni ishlab chiqarish uchun 8 marotaba kamroq tabiiy gaz talab qilinadi. 1 metr kub metr g‘isht 1800-2000 kg og‘irlikka ega bo‘lsa, shu hajmdagi gazobetonning og‘irligi atigi 500-700 kg ni tashkil etadi.
Press-tur davomida jurnalistlar ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
N.Usmonova, O‘zA.