Kundalik hayotimizda, ayniqsa, axborot maydonida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar negizida bugungi avlodlar –Y (millennials) va Z avlodlari turgani tobora ayon bo‘lmoqda. Ularning dunyoqarashi, hayotga yondashuvi, mehnat bozori, ta’lim, siyosat va madaniyatga bo‘lgan munosabati oldingi avlodlarnikidan keskin farq qiladi.
1980–2003 yillar oralig‘ida tug‘ilganlar, ya’ni Y avlod: murakkab, o‘zgaruvchan, ammo har jihatdan o‘z iste’dodini ko‘rsatishga tayyor. Ular global iqtisodiy inqirozlar, texnologik rivojlanishlar va jamiyatda sodir bo‘lgan keskin ijtimoiy o‘zgarishlar jarayonida ulg‘aygan. Aynan shuning uchun ular har qanday yangilik va o‘zgarishga ochiq, “o‘zgartirish” so‘zini hayotiy shiorga aylantirgan avlod hisoblanadi.

Y avlodning eng asosiy jihatlaridan biri – ularga imkon berilsa, o‘z yo‘lini topa olishidir. Ular mol-mulk, meros, an’anaviy boyliklardan ko‘ra, zamonaviy yondashuv, axborot, tajriba, moslashuvchanlik va innovatsiyalarni qadrlaydi. Aynan shu sababli ular devorga gilam osib qo‘yishdan ko‘ra, innovatsion interer dizaynga e’tibor beradi. Kasb tanlash jarayonida ham, SMM, grafika dizayn, IT yoki mobilografiya kabi sohalarni sinab ko‘radi. Bu avlod texnologiyaga moslashgan, yangiliklar bilan yashashga o‘rgangan va jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga befarq emas.
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Y avlod g‘alabani qadrlaydi. Ular uchun maqsad va natija muhim. Tavakkal qilishdan qo‘rqmaydi, axborot qidiradi va uni jamiyatdagi muammolar yechimiga yo‘naltirishga harakat qiladi. Bu avlod vakillari axborotni chuqur tahlil qilish emas, balki undan hayotini yaxshilash uchun foydalanishga harakat qiladi. Ular “katta gap” emas, “kichik, ammo foydali” yangiliklarni qadrlaydi.

Z avlodi esa – 2003–2024 yillar oralig‘ida tug‘ilganlar sifatida ko‘riladi. Ba’zi manbalarda esa 1995 yildan so‘ng tug‘ilganlar hisoblanadi. Bu davr siyosiy qarama-qarshiliklar, hududiy ixtiloflar, ekologik inqiroz va eng muhimi – raqamli axborot bilan xarakterlanadi. Tashqi sharoit qanchalik sovuq va og‘ir bo‘lmasin, o‘z ichki mustahkamligi, irodasi, ilg‘or dunyoqarashi bilan ajralib turadi.
“Qo‘lida gadjet bilan tug‘ilgan” degan ibora bu avlod vakillari uchun o‘rinli. Bu esa ularning informatsion muhitda suzib yurish, kerakli ma’lumotni tez topish, muqobil fikrlar orasidan saralash, o‘z qarorini chiqarish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, bu xususiyatning ijobiy tomoni bilan bir qatorda salbiy jihati ham bor. Bu avlod vakillari ortiqcha axborot oqimi ichida adashib qolishi, chalg‘ib ketishi xavfi mavjud.

Z avlod – mustaqillikni juda erta istaydi. Yaqindagina o‘smirlik davriga kirgan bola ham o‘zini alohida shaxs sifatida ko‘rishni xohlaydi. Bu esa ularning ichki erkinlikka bo‘lgan ehtiyoji, individual qarashlarga sodiqligi va mustaqil fikr yurita olish qobiliyatini ko‘rsatadi. Ular ko‘proq qisqa, aniq va lo‘nda axborotlarga ehtiyoj sezadi. Uzoq tahliliy maqolalar emas, balki instagram, YouTube’dagi qisqa videolar, telegramdagi minimum xabarlar, memlar va grafik postlar ular uchun muhim. Bu esa ularning axborotni qanday qabul qilishi, qanday iste’mol qilishi borasida jurnalistlar, blogerlar, PR-mutaxassislari va ta’lim tizimi vakillari uchun chuqur tahlil qilish zaruratini tug‘diradi.
Y avloddagi tavakkalchilik va ijodkorlik, Z avloddagi tezkorlik va shaxsiy mustaqillik bir-biridan keskin farq qiladi. Y avlod jamiyatda jarayonlarni o‘zgartirsa, Z avlod bu jarayonlarning qanday ishlashini chuqur anglab, undan natija chiqaradi.
Bu ikki avlod jamiyatdagi yangi me’yorlarni shakllantirmoqda. Ular uchun an’anaviy “ish joyi”, “kasb tanlash”, “barqarorlik” tushunchalari o‘zgacha talqin qilinadi. Bugun birinchi navbatda mas’ullar, ta’lim tizimi, ommaviy axborot vositalari va tadbirkorlar ushbu avlodlar psixologiyasi va ehtiyojlarini chuqur tushunib, ularni jamiyat rivojida muhim manba sifatida ko‘ra olsagina, yangi bosqichga chiqish mumkin bo‘ladi.
Vaqt tizimiga ko‘ra hisoblaydigan bo‘lsak, Y avlod farzandlari hozirgi Z avlodga to‘g‘ri keladi. Y avlod ota-onalari bilan Z avlod farzandlari o‘rtasidagi konfliktlar (kelishmovchiliklar) tabiiy holat, ammo bu nizolarni to‘g‘ri boshqarish va bartaraf etish oilaviy muhitda sog‘lom aloqalarni saqlab qolish uchun juda muhim.
Avvalo, “Siz bilan biz teng emasligimiz normal holat” degan fikrni ikki avlod vakillari ham to‘liq qabul qilishi kerak. Bu qarama-qarshilik emas, aksincha, rivojlanishning bosqichidir. Ota-onalar hayotga yangicha ko‘z bilan qaraydi, farzandlar ham tahliliy fikrlashni o‘rganishi mumkin.
Ota-onalar Z avlodga nisbatan qattiqqo‘l emas, sherik sifatida yondashganida natija ijobiy bo‘ladi. Farzandlar esa ota-onaning tajribasini rad etmasdan, undan o‘z zamonaviy fikrlari bilan uyg‘un foydalanishga harakat qilsa, ko‘prik paydo bo‘ladi.
Y va Z avlod o‘rtasidagi tafovutlardan kelib chiqadigan kelishmovchiliklar qarama-qarshilik emas, o‘zaro o‘sish imkoniyati sifatida qabul qilinishi kerak. O‘zaro tinglash, tushunishga intilish va murosa yo‘llari orqali bu konfliktlar sog‘lom aloqaga, o‘zaro hurmat va hamkorlikka olib kelishi mumkin.
Y va Z avlod vakillari bir qarashda farqli ko‘rinsada, ularni yagona jihat – o‘zgarishlarga tayyorlik, yangilikka ochiqlik, axborot bilan ishlash salohiyati birlashtiradi. Ularga imkon berilsa, jamiyatni o‘zgartira oladi. Demak, bugun nafaqat ularni o‘rganish, balki ular bilan birga ishlash, birga o‘sish – muhim strategik masala sifatida qaralishi lozim.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA