Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy poliklinika aholi xizmatida
14:58 / 2022-02-22

Buxoro shahridagi Amir Temur ko‘chasida yangi poliklinika binosi foydalanishga topshirildi.

Buxoro shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 11-oilaviy poliklinika binosi “G‘ijduvon Govshun maxsus qurilish montaj” MCHJ bunyodkorlari tomonidan barpo etildi. Davlat dasturi asosida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlariga 5,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. 250 qatnovga mo‘ljallangan muassasada endilikda 100 dan ortiq xodim ish boshladi.  

UASH, stomatolog, kardiolog, lor, infeksionist, okulist, akusher-ginekolog, laborant vrach, immunolog, urolog, onkolog, xirurg kabi mutaxassislar hududning 22 ming 181 nafar aholisiga birlamchi tibbiy sanitariya xizmati ko‘rsatadi.

 Bu yerda ikkita kunduzgi statsionar, fizioterapiya xonasi, sterilizatsiya, laboratoriya, UTT, EKG, “Ayollar maslahatxonasi” va dorixona mavjud.  


Poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir mutaxassis xonasi uchun elektron monitor o‘rnatilgan. Muassasaga kelgan fuqarolar ro‘yxatxonaga murojaat qiladi va elektron navbatga yoziladi.  

–Yangi poliklinikaga birinchi marotaba kelishim, – deydi Somiy ko‘chasida yashovchi 65 yoshli Muhabbat Radjabova. – Shinam va zamonaviy xonalarni ko‘rib quvondim. 

Ro‘yxatxonadayoq hamshira qizlar qo‘llari ko‘ksida hurmat bilan meni qarshi olishdi. Shifokorlarga uchrashib, tekshiruvlardan o‘tib, kerakli tavsiyalarni oldim. 

Zarif Komilov, O‘zA