Maktab va maktabgacha ta’limni rivojlantirishda soha vakillari pedagogik tajribasining muntazam oshirilishi muhim ahamiyatga ega.
Joriy yil 15 may kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’limda sifat bo‘lishi uchun eng avvalo pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan edi.
Ana shu yig‘ilishda berilgan topshiriq ijrosi bo‘yicha Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlaridan bir guruh turli fan o‘qituvchilari xorijda malaka oshirib qaytishdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda maktab ta’limi tizimidagi 133 nafar o‘qituvchi - pedagog joriy yilda Xitoy, Malayziya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Ozarbayjon kabi xorijiy davlatlarda o‘z malakasini oshirib kelishdi.

Xususan, shu oyda ham xorazmlik pedagoglardan iborat delegatsiya Xitoyda bo‘lib qaytdi. Tashrif doirasida delegatsiya xitoylik pedagoglar bilan tajriba almashib, ularning ta’lim muhitini o‘rganishdi. Shuningdek, safar davomida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, pedagoglar salohiyatini oshirish, metodik qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Chjezyan(Zhejiang) provinsiyasining Anji tuman ta’lim boshqarmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Mazkur tashrif viloyatimizda maktabgacha ta’lim sifatini xalqaro tajribalar asosida rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – deydi Xorazm viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Tursunbek Nurmetov. – Mazkur memorandum maktabgacha ta’lim sohalarida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Endilikda ushbu hamkorlik doirasida o‘quv-seminarlar, tajriba almashish dasturlari, qo‘shma loyihalar va malaka oshirish tashriflarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, bu kabi memorandumlar Xorazm viloyat maktab va maktabgacha ta’lim tizimini xalqaro darajada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Davlatimiz rahbari ham iste’dodli yoshlar tarbiyasiga e’tibor qaratib, “Yurtimizda yashayotgan har bir bolaning o‘ziga xos qobiliyati va iste’dodini o‘z vaqtida payqash, tarbiyalash va yuzaga chiqarish nafaqat ota-onaning ezgu maqsadi, balki jamiyat va davlatning burchi ekanligini unutmaslik kerak”, – degan edilar, – deydi pedagog Sanobar Quryozova. – Shu yil Ozarbayjonda bo‘lib, u yerda maktablariga borib ko‘rdik. Ularning ta’lim tizimi bilan yaqindan tanishdik. Qolaversa, o‘zimizning milliy ta’lim tizimi haqida ham ularga tushunchalar berdik. Chunki, sun’iy intelekt imkoniyatlari hamda innovatsion o‘qitish uslublari, inklyuziv ta’lim metodlari xorijiy tajriba asosida olib borilsa milliy ta’limning yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Qisqasi, juda samarali tarzda tajriba almashdik.
Zamonaviy ta’limning muhim yo‘nalishlaridan biri maktabgacha ta’limdir. Viloyatda ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash hamda ularning malakasini xorijda oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, bu borada xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi raqamli texnologiyalarni ta’limda qo‘llash bo‘yicha tajribalarni oshirish, zamonaviy pedagogik metodikalar bilan tanishuv va boshqa dolzarb masalalar, mahoratli pedagoglarning ochiq muloqot va foydali tajriba almashinuvida muhim samara bermoqda.

– Bu borada yangi pedtexnologiyalarni joriy qilgan holda nazariya bilan amaliyotni bir-biriga chambarchas bog‘liq ravishda olib borish muhim ahamiyatga ega, – deydi Xorazm viloyat pedagogik mahorat markazi direktori Jasurbek Solayev. – Shu bois, markazimizda ta’limda raqamli texnologiyalar hamda zamonaviy metodikalardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida xorijda tajriba oshirib qaytgan pedagoglar ishtirokida “Mahorat darslari” tashkil etilib, Rossiya, Xitoy, Ozarbayjon hamda Malayziya davlatlarining ta’lim tizimi asosida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Pedagoglarning xorijda o‘rgangan ta’lim metodlari asosida tashkil etilgan bu darslar o‘ziga xos tajriba almashish maydoni bo‘lmoqda.
Xorijiy tajriba asosida olib borilgan dars mashg‘ulotlari pedagoglarga bevosita kasbiy rivojlantirish uslublarini joriy etishga imkon bermoqda.
Xorijda malaka oshirishning yana bir muhim jihati bu chet tillarini rivojlantirishdir. Amaliy muhitda til bilimini oshirish pedagogga xalqaro manbalardan foydalanish, ilmiy maqolalar o‘qish va xorijiy hamkasblar bilan erkin muloqot qilish imkonini beradi.
– Haqiqatdan ham xorijda malaka oshirgan pedagog o‘z fanini xalqaro standartlar asosida chuqurroq o‘zlashtiradi, dunyoqarashi kengayadi, – deydi Urganch shahridagi 18-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sayyora Rahmonova. – Xorijiy tajriba orqali pedagoglar innovatsion o‘qitish usullari, raqamli texnologiyalar va interfaol metodlarni o‘rganadilar. Chet tillarini amaliyotda qo‘llash imkoniyati paydo bo‘ladi, kasbiy terminologiya mustahkamlanadi. Xalqaro yangi g‘oya va yondashuvlarni o‘rganish imkoni tug‘iladi. Yangi muhit pedagogni ilhomlantiradi va ishga bo‘lgan qiziqishini oshiradi.
Xulosa qilib aytganda, xorijda olingan tajriba ta’lim sifatining oshishi, ushbu bilim va ko‘nikmalarni o‘z yurtida joriy qilish orqali viloyatda bugungi kunda innovatsion o‘quv uslublarining keng joriy etilishi, xalqaro ta’lim standartlariga mos ravishda kelajak egalarini tarbiyalash imkonini bermoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari