Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining yangidan barpo etilgan o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida tibbiyot sohasi mas’ullari, talabalar, mehmonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bugun yoshlarimizga har tomonlama havas qilsa arziydi. Ularning o‘qib-izlanishlari, o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lishi yo‘lida barcha sharoit yaratilib, imkoniyatlar ishga solinmoqda. Xususan, Farg‘ona viloyatidagi oliy o‘quv yurtlari ichida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mazkur institutda talabalar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilyapti.
Ushbu oliy o‘quv yurti Prezidentimizning 2020-yil 3-dekabrdagi “Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Bu yerdan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, Prezident va qator nomdor stipendiyalar sohiblari yetishib chiqmoqda. Xorijiy davlatlardagi yoshlarning bu yerda tahsil olishga qiziqishi oshayotganligi uning nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolatdir.
Yoshlarga tuhfa etilgan o‘quv binosi, ya’ni zamonaviy kampus uchun 20 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, jami 200 o‘rinli konferens zal, 2000 nafar talabani qamrab olishga mo‘ljallangan 3 qavatli o‘quv binolari, yangi sport maydoni, 300 o‘rinli yangi talabalar restorani, talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi.
– Hayotda inson salomatligidan muhimroq narsa yo‘q, – deydi institut rektori Akmal Siddiqov. – Shu bois tibbiyot sohasida malakali, professional mutaxassislarni tayyorlash dolzarb vazifa sanaladi. Albatta, bunda jahon standartlari asosida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, talabalar uchun zamonaviy sharoitlarni yaratib berish kerak. Institutimizda bunyod etilgan mazkur bino ana shu yo‘ldagi ezgu ishlardan biridir. O‘tgan davrda institutning ko‘p tarmoqli klinikasi tashkil etildi. Bu esa talabalar va professor-o‘qituvchilarning nazariy, amaliy va klinik ko‘nikmalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2022-yildan oliygohda jahon talablari asosidagi ta’lim dasturlari asosida o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. O‘tgan yilda Hindiston, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Norvegiya kabi davlatlardan jalb qilingan va asosiy ish o‘rnida faoliyat olib borayotgan xorijlik professor-o‘qituvchilar soni 18 nafarni tashkil etdi va xorijlik talabalar soni ming nafarga yetkazildi. Bu orqali viloyatimizga 40 milliard so‘m investitsiya jalb qilindi.
[gallery-16918]
2022 va 2023-yil yakunlari bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglarda institut TOP-1000 ta oliygoh orasida e’tirof etildi. Farg‘ona viloyati oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib “Davolash ishi” ta’lim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazdi. Endi ushbu oliygoh bitiruvchilari diplomi butun dunyoda tan olinadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M_LtwhB0kfI" title="Zamonaviy oʻquv binosi yoshlarga tuhfa" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbir ishtirokchilari talabalar uchun yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.Bu yerdagi neoklassik uslubidagi zamonaviy auditoriyalar, tibbiy ta’lim olish uchun o‘rnatilgan asbob-uskunalar yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborni yana bir karra tasdiqlab turibdi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat, video),
O‘zA muxbirlari