Zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti ish boshladi
Olot tumani “Yosh Botir” mahalla fuqarolar yig‘inida “Chorbog‘” oilaviy shifokorlik punkti qayta faoliyat boshladi. Ta’mirlash ishlari uchun viloyat hokimligi tomonidan 464 million so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish-ta’mirlash ishlari “Sardor bunyodkor plyus” MCHJ tomonidan sifatli va belgilangan muddatda amalga oshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mahalla aholisi uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, bunday loyihalar aholi salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Mazkur tibbiyot maskani bir kunda 75 nafar bemorga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bu esa nafaqat Yosh Botir mahallasi, balki atrofdagi qishloqlar aholisi uchun ham foydadan xoli emas. O‘z navbatida, mahalla faollari ko‘rsatilayotgan e’tibor, tezkor va amaliy yondashuvdan mamnun ekanliklarini bildirib, mas’ullarga o‘z minnatdorliklarini izhor etdi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.