Davlatimiz rahbarining joriy yil 29 yanvar kuni Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida muzeyshunoslik sohasining rivojiga doir ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
bugungi kunda dunyoning ko‘plab muzeylarida xalqimiz moddiy va madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, turli tarixiy buyumlar, osori-atiqalar saqlanmoqda.
Ushbu eksponatlarni chuqur o‘rganish, ular haqida xalqimizga to‘laqonli ma’lumot berish, shu bilan birga, dunyo muzeylarida foydalanilayotgan innovatsion yangiliklar bilan yaqindan tanishib, ularni yurtimizda ham keng joriy etish bugungi kun muzeyshunosligi oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Zamonaviy muzeyshunoslik masalalari: fan, ta’lim va amaliyot» mavzuida onlayn tarzda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy seminarda shu haqida so‘z bordi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda institut rektori N.Sayfullayev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Bosh ilmiy kotibi
F.Obidjonova yurtimiz tarixi, boy madaniy merosini o‘rganish, uni xalqimiz hamda kelajak avlodga yetkazishda muzeyshunoslarning ham hissasi katta ekanligini, bugungi kunda yurtimiz muzeylarining auditoriyasini kengaytirish, xalqaro miqyosdagi nufuzini mustahkamlashda o‘zaro hamkorlik aloqalari muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi direktori N.Velixanli, Xalqaro muzeylar kengashining Turkiya milliy qo‘mitasi raisi B.Gunultash O‘zbekistonga oid moddiy va madaniy merosga dunyo mutaxassislarining qiziqishi yuqoriligi, bugungi kunda jahonning ko‘plab nufuzli muzeylarida saqlanayotgan bu kabi eksponatlar bir qancha mutaxassislar tomonidan o‘rganilayotgani hamda ushbu tadqiqot natijalari muzeyshunoslik fanining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotganiga alohida e’tibor qaratdi.

Ilmiy seminarda yurtimiz mutaxassislari bilan bir qatorda Turkiyaning Anqara Jumhuriyat muzeyi, Istanbul arxeologiya muzeyi, Gaziantep muzeyi, Galata Mavlaviyxonasi muzeyi, Ozarbayjon tarixi milliy muzeyi direktorlari, ilmiy xodimlari, sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari vakillari ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
– Muzeylar va muzeyshunoslik masalalarining xalqaro doirada muhokama qilinishi sohaning kelgusi rivoji uchun muhim jarayon hisoblanadi, – dedi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova. – Seminar ilmiy yangiliklar muhokamalarga boy bo‘ldi, sohada faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar uchun ulkan tajriba maydoniga aylandi.
Seminarda soha mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston madaniy merosi dunyo muzeylari to‘plamlarida saqlanishiga oid ma’lumotlar, muzeyshunos mutaxassislarni tayyorlashda milliy tizim va xorijiy tajribalar tahlili, tarixiy binolarda muzeylar faoliyatini tashkil etishning o‘ziga xos uslublari kabi ko‘plab ma’ruzalar zamonaviy muzeylar va muzeyshunoslik sohasining oldida turgan ilmiy-amaliy vazifalar yechimida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasizdir.
A.Xudoyqulov, O‘zA