Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlar doirasida zamonaviy axborot texnologiyalari, shu jumladan, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, onlayn va gibrid ta’lim tizimlarini rivojlantirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish va talabalarning faolligini oshirish kabi chora-tadbirlar joriy etilmoqda. Albatta bu ishlar pedagogik jarayonning samaradorligini va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Qarshi shahrida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy aviatsiya institutining Umumtexnika va tabiiy fanlar kafedrasida “Umumtexnika va tabiiy fanlarni o‘qitishda zamonaviy metodikalardan foydalanish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Ochiq muloqot, savol-javob va muhokama shaklida o‘tgan tadbirda professor-o‘qituvchilar hamda institut tinglovchilari ishtirok etdi.
Suhbat davomida zamonaviy ta’lim metodikalarining ahamiyati, fanlarni o‘qitishda interaktiv va innovatsion usullarni joriy etish, shuningdek, o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilari ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ham ishlab chiqdi.
Tadbir davomida Qarshi davlat texnika universiteti dotsenti Q.Rahmonovning “Ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar” mavzusida ma’ruzasi tinglandi. Shuningdek universitetning “Xalqaro turizm” hamda “Elektr ta’minoti va intellektual energetik tizimlar” kafedralari dotsentlari zamonaviy ta’lim metodikalarining mohiyati, nazariy asoslari va amaliy misollar bilan boyitilgan chiqishlarini taqdim etdi.
[gallery-27674]
Yakunda davra suhbati natijalari umumlashtirilib, asosiy xulosalar va amaliy takliflar bildirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA