Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy maktab yoshlar ixtiyorida
09:27 / 2025-08-30

Joriy yilda Buxoro viloyati Buxoro tumanida Investitsiya dasturi asosida davlat byudjetidan ajratilgan 5 milliard 600 million so‘m mablag‘ hisobiga tumandagi 17-sonli umumta’lim maktabining 620 o‘rinli binosi zamon talablariga mos holda to‘liq qayta ta’mirlandi.  Bu ishlarda pudratchi sifatida “Kapital sifat qurilish servis” MCHJning mohir quruvchilari alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Endilikda mazkur yangi zamonaviy andozadagi, har tomonlama shart-sharoit yaratilgan ta’lim muassasasida 60 nafar o‘qituvchi barkamol avlod vakillariga saboq beradi.

Yangi o‘quv binosining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi mutasaddilar, tuman faollari, maktab o‘qituvchilari, mahalla nuroniylari hamda ota-onalar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘z olganlar mahalla ahli va maktab pedagogik jamoasini qutlug‘ ayyom, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi hamda yangi ta’mirdan chiqarilgan maktab binosining foydalanishga topshirilgani bilan samimiy tabrikladi. Ochilish marosimida ta’lim maskani bunyodkorlariga alohida ehtirom ko‘rsatildi.

– “Shexoncha” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi 1981 yilda qurilgan bo‘lib, 2010 yilda qayta rekonstruksiya qilingan edi. Mamlakatimiz Prezidentining sohaga qaratayotgan e’tibori va g‘amxo‘rligi tufayli ta’lim dargohi o‘quv binolari qayta ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgani mahalladoshlarimiz, ayniqsa, o‘qituvchilar va shogirdlarni juda xursand qildi. Yangi zamonaviy bino qurilishi bilan muassasada ta’lim-tarbiyani bugungi zamon talablari darajasiga ko‘tarish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bu esa muallimlar zimmasiga shunday, yangi imkoniyatlarga mos faoliyat olib borish mas’uliyatni yuklaydi. Bu yangilanish yoshlarimizni ham bilim olish yo‘lida qattiq harakat qilishga, intilishga undaydi. Maktab Yangi O‘zbekistonning taraqqiy etgan kelajagini yaratishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi, – deydi maktab direktori Zulfiya Shaxobova.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.