Namanganda Xalq ta’limi vazirligi va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamkorligida umumta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini tayyorlash hamda mavzuga oid boshqa jarayonlar tafsiloti bilan ommaviy axborot vositalari xodimlarini tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 19 maydagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy o‘quv yilidan boshlab xalq ta’limi maskanlarida o‘quvchilar uchun yagona maktab formasini to‘liq joriy etish belgilangan.
Xalq ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamovaning jurnalistlarga ma’lum qilishicha, hukumat tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maktab formalariga bo‘lgan talablar o‘rganib chiqildi. Buning natijasida, yangi o‘quv yilida hududlar kesimida davlat maktablarida tahsil oluvchi 6 million 620 ming nafar o‘quvchi uchun formaga bo‘lgan ehtiyoj mavjudligi aniqlandi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ushbu aniqlangan ko‘rsatkichlar doirasida maktab formalarini tayyorlash jarayonlari olib borilmoqda. Bunda eng avvalo, uyushma tomonidan yurtimizdagi mavjud to‘qimachilik korxonalarining salohiyati va imkoniyatlari o‘rganib chiqildi va 500 dan ortiq turli ish hajmiga ega ishlab chiqarish korxonalari tanlab olindi. Ayni vaqtda mazkur tikuvchilik markazlarida maktab formalarini tayyorlash ishlari belgilangan tartib va standartlar asosida olib borilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Namangan viloyati xalq ta’lim boshqarmasi tomonidan viloyatdagi barcha ta’lim maskanlarida yangi o‘quv yilidan maktab formasini joriy etilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi belgilangan bo‘lib, shu asosida izchil faoliyat olib borilmoqda.
Xususan, maktab formasi, uning afzalliklari, o‘quvchi dunyoqarashi va ta’lim jarayonlaridagi ahamiyati haqida videoroliklar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritish yo‘lga qo‘yildi.
Hukumat qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda Namangan viloyatida maktab formasini yetkazib berish yuzasidan 276 ta korxona ta’minotchi sifatida tanlab olingan bo‘lib, ular orasida “Saodat sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati yetakchi korxona hisoblanadi.
Jurnalistlar va blogerlar press-tur davomida Namangan shahridagi Dashtbog‘ mahallasida barpo etilgan kichik sanoat zonasi hududida joylashgan, tikuvchilikka ixtisoslashgan “Mustafo Sevin” hamda “Saxiy Mirzo tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur ishlab chiqarish korxonalarida tadbirkorlar tomonidan maktab formalarining belgilangan standartlar asosida tayyorlanishi, matolar sifati, bichimi, rangi, tikilish uslublari, maktab formalarining turli yosh, bo‘y va vaznga ega o‘quvchilarga mosligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbirkor-chevar Sobitxon Mirzayev boshchiligidagi “Saxiy Mirzo tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 50 nafarga yaqin ishchi mehnat qilib, ayni kezda 1-6 sinflarga mo‘ljallangan maktab formasini tikmoqda. Korxona rahbarining qayd etishicha, mahsulot uchun Xitoydan keltirilgan va o‘zimizdagi mahalliy matolardan foydalanilmoqda. Bir kunda o‘rtacha 100-130 dona maktab formasi jamlanmasi (kastyum, kamzul, nimcha, shim va kofta-yubkalardan iborat) ishlab chiqarilmoqda. Bir dona mavsumiy mahsulotning tannarxi 150 ming so‘m.
Ta’kidlanganidek, viloyatda xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda tegishli boshqa tashkilotlar tomonidan maktab formasining belgilangan standartlarga, sanitariya qoidalari normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligi, sifatli to‘qimachilik mahsulotlaridan tayyorlanishi bo‘yicha doimiy nazorat o‘rnatilgan.
- Yangi joriy etilayotgan formani o‘z bilim dargohimizda o‘tgan o‘quv yilida sinovdan o‘tkazdik, ko‘plab ota-onalarga ma’qul keldi, - deydi Namangan shahridagi 82-sonli umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Qumrixon Rahmonova.
– Eng avvalo, bu kiyimlarda mavsumiy fasllar bardavomligi e’tiborga olingan, qolaversa, uy bekalariga yuvish uchun ham qulay. Buni 2-sinfga boradigan nabiram misolida ham amin bo‘ldik. 32 yillik ish tajribamdan kelib chiqib, shuni aytmoqchimanki, barcha maktablar uchun yagona formani tatbiq etilishi jamiyatimizda tabaqalashuvning oldini olishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yagona maktab formasining joriy qilinishi o‘quvchilar o‘rtasida ijtimoiy tenglikni mustahkamlash bilan birgalikda, sifatli ta’lim-tarbiya olishga ham katta turtki beradi.
- Namangan viloyatida maktab formasiga ixtisoslashgan uch yuzga yaqin tekstil korxonalarida oyiga 2 million dona ayni shu turdagi mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega, - deydi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Namangan filiali rahbari Nuriddin Boboyev. – Bundan tashqari, kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan maktab yarmarkalari uchun 1 million dona maktab formasi zaxirasi shakllantirilgan.
Press-turda ta’kidlab o‘tilganidek, ehtiyojmand oilalar farzandlarini maktab formalari bilan ta’minlash hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida hokimliklar tomonidan qator muhim choralar olib borilmoqda. Boshlanajak o‘quv yilida mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari qatorida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 400 mingdan ziyod kam ta’minlangan o‘quvchilar farzandlari uchun maktab formasini sotib olinishiga ko‘maklashish rejalashtirilgan.
Jumladan, Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan 2022-2023o‘quv yilida viloyatdagi umumta’lim maktablarida ta’lim olishi kutilayotgan 536 ming 203 nafar o‘quvchining oilaviy holati o‘rganilib chiqildi. Unga ko‘ra, maxsus daftarlarga kiritilgan 13 ming 584 nafar o‘quvchining ota-onalari farzandlarini maktab formasi bilan ta’minlash imkoniyatiga ega emasligi aniqlandi.
Darvoqe, 2022 yil 10 avgustdan boshlab Namangan shahri va viloyatning barcha tumanlari markazlaridagi aholi gavjum joylarida, ixtisoslashtirilgan savdo komplekslarida “Maktab yarmarkasi” tashkil etiladi. Yarmarkada maktab sohasiga alohida e’tibor qaratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.