Buxoro viloyati Kogon tumanida “Mustaqillik” mahalla markazi binosi foydalanishga topshirilgani mahalla aholisi uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. Binoning tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Otabek Qazoqov boshchiligidagi mas’ullar, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Ushbu bino Prezidentimizning 2021 yil 18 sentyabrdagi “Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida qishloq joylarni barqaror rivojlantirish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bunyod etilgan. Bunda umumiy qiymati 4 milliard 628 million so‘m mablag‘ moliyalashtirilib, qurilish ishlarida mahalliy pudratchi “Amirshoh mohir quruvchi” MCHJ binokorlari jonbozlik ko‘rsatdi.

Zamonaviy andozadagi mazkur uch qavatli inshoot ochilishida so‘zga chiqqanlar hudud aholisini zamonaviy qiyofadagi, ko‘rkam mahalla binosi bilan muborakbod etib, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla instituti faoliyatini yanada rivojlantirish, uni xalqchil tuzilmaga aylantirish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Mahalla ma’muriy markazi binosida mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori uchun xonalar mavjud bo‘lib, zamonaviy moddiy-texnika vositalari va mebellar bilan jihozlangan.

Mazkur binoning yerosti qavatida meva-sabzavotlarni saralash va qadoqlash uchun maxsus joy, birinchi qavatda esa ayollar va erkaklar uchun sartaroshxona, qandolat sexi va savdo do‘koni, ikkinchi qavat asosan o‘quv markazlari uchun ajratilgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.