“Ibrat” loyihasining bu galgi mehmoni marg‘ilonlik Muhammadayub Alimov. U 17 yoshda. U o‘zi tug‘ilib, voyaga yetgan tumandagi 8-maktabning 11-sinf o‘quvchisi.
Muhammadayubning sog‘ligida nuqsonlar bor. Ammo u imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, o‘z ustida tinimsiz ishlashga intiladi. Qahramonimiz “Raqamli texnologiyalar markazi”da frilanser sifatida faoliyat olib boradi. Muhammadayubda mavjud xastalik uning orzulariga to‘siq bo‘la olmaydi. Ustozi Abdusattor Egamberdiyev yordamida 3D Max (kompyuterda model va interer yaratish) yo‘nalishida tahsil oldi hamda o‘zining ilk mahsulotlarini yaratib, xalqaro elektron bozorlarda sotishga erishdi. U aynan frilanserlik faoliyati orqali 100 dan ortiq interer modelini sotuvga chiqarib, daromad topishga muvaffaq bo‘ldi.
Xo‘sh, frilanserlik o‘zi nima?
“Frilans” so‘zi inglizcha “freelance” dan olingan bo‘lib, free – erkin, lance – nayzalini anglatadi va bu ibora XIX asrning boshlaridan ishlatib kelingan. “Frilans” faoliyati xususiy amaliyot bo‘lib, tashkilot va kompaniyalardan tashqari, mustaqil ishlashni anglatadi. Ushbu faoliyat bilan shug‘ullanuvchi aksariyat fuqarolar ishni o‘zi topadi. Qisqa qilib aytganda, frilanserlik faoliyati, shaxsning o‘z biznesini boshlashi yo‘lida qo‘yilgan birinchi qadamdir. Soha vakillarining ta’kidlashicha, bugungi kunda, frilans xizmatlari bozori G‘arbiy Yevropa va AQSHda ancha rivojlangan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab tez sur’atlarda taraqqiy etmoqda.
Muhammadayub 2D yo‘nalishida GameDev sohasiga modellar yaratish ustida ishlamoqda. Erishayotgan yutuqlari bilan cheklanib qolmagan yurtdoshimiz ingliz tilidan chuqur saboq olishga kirishgan. Natijalar esa kutilganidan a’lo. U chet tilida erkin va ravon gaplasha oladi.
– Mehnat inson hayotiga ma’no va mazmun, umriga baraka beradi. Men hech qachon sog‘ligimdagi muammolardan nolimayman. Aksincha, hayotimda bo‘shliq paydo bo‘lishidan qo‘rqaman. Oldimga biror maqsad qo‘yganimda ham imkoniyatlarim cheklanganku, degan qo‘rquv aslo bo‘lmaydi. Orzularimni rejaga, rejalarimni esa maqsadga aylantiraman.
Muammo faqat imkoniyati cheklangan shaxslarda bo‘lmaydi. To‘g‘ri, gohida sizga maslahat, amaliy yordam kerak bo‘ladi. Ayniqsa biz kabi yoshlarga ruhiy madadning ahamiyati juda katta. Meni qo‘llab-quvvatlovchi yaqinlarim, ustozlarim bor. Ularning ko‘magida men o‘z maqsadimni aniq qilib belgilab olganman. IT sohasi bugungi kunda eng yuqori talabga ega va ustuvor sohalardan biri hisoblanadi. Startaplardan tortib eng yirik kompaniyalargacha yaxshi IT mutaxassisiga ehtiyoj sezadi. Tadbirkorlar, kompaniya hamda tashkilotlar malakali IT xodimi uchun yuqori maosh to‘lashga doimo tayyor. Bu soha ham daromadli, ham zamonaviyligi bilan ajralib turadi. Men buni o‘zimning har bir tengdoshimga tushuntirishga urinaman. Aslida zamonaviy kasblar uchun imkoniyatlar hech kim uchun cheklanmagan, – deydi Muhammadayub.
Darhaqiqat, mamlakatimizda so‘nggi yillarda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada ortib borayotgan bo‘lsada, O‘zbekistonda IT sohasiga kadrlar yetishmovchiligi hamon yuqori. Chunki IT deyarli barcha sohalarga kirib bordi. Raqamlashtirish zamon talabiga aylandi. Yoshlarni ITga o‘qitish, ularga ishlashi uchun sharoit va mahsuloti uchun bozor yaratish zarur.
2023 yil 1 apreldan boshlab IT ta’lim markazlari va ularning bitiruvchilari uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, IT ta’lim markazlari o‘z bitiruvchilarini IT xizmatlarni eksport qiluvchi kompaniyalarga ishga joylashtirsa, markazlarga har bir mutaxassis uchun 25 million so‘mgacha, nogironligi bo‘lgan yoshlarga esa 35 million so‘mgacha subsidiya berilishi, IT sertifikati bor yoshlarga kompyuter xaridi uchun 7,5 million so‘m miqdoridagi imtiyozli kredit hamda Mahallabay ishlash, Yoshlar agentliklari, Bandlik jamg‘armasi tomonidan berilayotgan subsidiya ularning shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib berilish tartibi joriy etildi. Hududlarda yoshlar yaratgan 50 ta eng yaxshi dasturni Raqamlashtirish jamg‘armalari hisobidan sotib olish yo‘lga qo‘yildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA