Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy, kamxarj lokomotivlar
21:18 / 2015-12-23

Prezidentimiz rahnamoligida temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yo‘lovchi va yuk tashishning eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etilishiga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yo‘lovchi va yuk tashishning eng zamonaviy talablar darajasida tashkil etilishiga xizmat qilmoqda. Bu borada temir yo‘l parkini eng zamonaviy lokomotivlar va har tomonlama qulay vagonlar bilan yangilash muhim o‘rin tutmoqda.

Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatidagi mavjud lokomotivlarning ellik foizdan ortig‘i yangilandi. Elektrlashtirilgan po‘lat izlar tarmog‘ining kengayishi lokomotivlar parkini qator afzalliklarga ega elektrovozlar bilan to‘ldirish imkonini bermoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 4-martdagi Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki ishtirokida “Lokomotivlar parkini yangilash. 11 yuk elektrovozini xarid qilish. 2-bosqich” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq Xitoyda ishlab chiqarilgan o‘n bir dona “O'z-ELR” elektrovozining mamlakatimizga keltirilishi zamonaviy temir yo‘l tarmog‘ini barpo etishga qaratilgan islohotlarning yana bir ifodasiga aylandi.

Elektrovozlar Xitoyning CNTIC konsorsiumi – Dalyan elektrovozsozlik zavodida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ushbu kompaniya lokomotivlar parkini yangilashda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bilan bir necha yildan beri yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.

Elektrovozlarni loyihalashtirishda ulardan foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash jarayonida qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Lokomotiv qismlarining joylashuvi, dizayni, tormoz va mikroprotsessorli boshqarish tizimini ishlab chiqishda xitoylik mutaxassislar bilan birga temiryo‘lchilarimiz ham ishtirok etgan.

– Yangi elektrovozlar og‘ir yuklarni tog‘ sharoitida tashishga moslashtirilgan bo‘lib, shu turdagi boshqa lokomotivlarga nisbatan bir qator afzalliklarga ega, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Nusratillo Abdullayev. – Jumladan, zamonaviy tormozlanish tizimlari va kompleks xavfsizlik qurilmalari o‘rnatilgani bois elektr energiyasi sarfi 5-8 foizga kamayadi. Ekologik xavfsizlik bo‘yicha xalqaro talablarga javob beradigan lokomotiv «Toshiba» (Yaponiya) kompaniyasida ishlab chiqarilgan ekologik toza asinxron elektr dvigatellari, nosozliklarni tahlil qiladigan mikroprotsessor tizimi bilan jihozlangan. Sarflanadigan materiallar resursi zamonaviy materiallar qo‘llanishi hisobidan 15 foizga ko‘paygan, elektrovozning havo rezervuari har qanday iqlim sharoitida undan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi.

Elektrovozning quvvati 7200 kVtga teng bo‘lib, konstruksion tezligi soatiga 120 kilometrni tashkil etadi. Yangi lokomotivlarda qo‘llanilgan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash barobarida teplovozlarda ishlatilayotgan yonilg‘i sarfi 2-2,5-marta kamayishiga olib keladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan xarid qilingan yangi “O'z-ELR” elektrovozlari yuk tashish hajmini yanada ko‘paytirish imkonini beradi.