Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’lim: zamonaviy kadrlar tayyorlash yo‘lidagi o‘zgarishlar
17:31 / 2016-10-12

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan mamlakatimiz oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari I.Majidov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sh.Sirojiddinov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori O.Xolmuhamedov, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori O.Zaripov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodga bilim berish, yuksak salohiyatli kadrlar tayyorlash sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi.

Anjumanda Birinchi Prezidentimizning 2016-yil 13-maydagi «Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni, 2016-yil 2-maydagi «Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2016-yil 11-maydagi «O‘zbekiston Milliy universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlari ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘quv binosi shu yil avgust oyida kapital ta’mirdan chiqarildi. Bu yerda talabalar o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishlari bo‘yicha saboq olmoqda. Universitetda 15 kafedra tashkil qilindi, jami 37 yangi fan, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 8 yangi fan joriy etildi. Talabalarning mutaxassis sifatida keng qamrovli bilim, ko‘nikma va malakaga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 25 tanlov fani kiritildi. 72 fan bo‘yicha o‘quv-uslubiy majmualar yaratildi. Universitetda pedagogik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tarmoq markazi o‘z faoliyatini boshladi.

Toshkent davlat texnika universiteti mamlakatimizning muhandislik-texnika yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sohasidagi bazaviy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Bu yerda 60 bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 78 magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malakaviy talablar, o‘quv rejalar, dasturlar, takomillashtirilgan o‘quv-uslubiy majmualar ishlab chiqildi.

Yangi «Muhandislik tizimlari» fakulteti tarkibiga 8 kafedra kiritildi. Ulardan uchtasi – «Intellektual muhandislik tizimlari», «Mexatronika va robot texnikasi» va «Avtomatlashtirilgan loyihalash tizimlari» kafedralari yangi tashkil etildi. «Muhandislik-fizika» fakulteti tarkibida «Yarimo‘tkazgichlar va yangi materiallar texnologiyasi», «Elektron uskunalarni ishlab chiqarish texnologiyasi», «Lazer texnologiyasi va optoelektronika», «Tibbiy-biologik tizimlar va jihozlar» kabi yangi kafedralar shakllantirildi.

O‘zbekiston Milliy universitetini 2016-2020-yillarda rivojlantirish dasturiga muvofiq fizika, biologiya, kimyo, geologiya va geografiya, iqtisodiyot fakultetlarida, fakultetlararo yangi kafedralar, yangi laboratoriyalar tashkil etildi. Yadro fizikasi instituti hamda Amaliy fizika ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlari va muhandis kadrlari attestatsiyadan o‘tkazilib, yuqori salohiyatli kadrlar universitet o‘quv-ilmiy jarayoniga jalb etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tomonidan 2017-2020-yillarda fundamental, 2017-2018-yillarda amaliy bajarilishi mo‘ljallangan, yosh olimlar fundamental va amaliy, innovatsion hamda «Akademik harakatchanlik – 2017» amaliy tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlari uchun tanloviga universitet xodimlari tomonidan jami 174 loyiha topshirildi.

Matbuot anjumanida oliy o‘quv dargohlarida bugungi shiddatli zamon talabiga mos, istiqbolli, kelajakka yo‘naltirilgan mutaxassislar tayyorlash tizimiga oid amaliy chora-tadbirlar yuzasidan savollarga javob berildi.