Jahonning deyarli barcha mamlakatlarida internet-kommunikatsiyalar insonlar kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanib, ulardan foydalanuvchilarning salmog‘i vaqt sayin o‘sib bormoqda. Xususan, “Global Digital 2021» hisobotiga ko‘ra, 2015 yilda bir inson kuniga o‘rtacha 6 soat 20 daqiqa vaqtini internetda o‘tkazgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, ushbu ko‘rsatkich 7 soatni tashkil etdi.
Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda jamiyat va davlat hayotining deyarli barcha sohalariga internet-kommunikatsiyalarining kirib borganligi siyosiy tizim barqarorligini ta’minlash yo‘lidagi mavjud muammolarni hal etishda o‘zining muhim vosita ekanligini ko‘rsatdi.
Internet-kommunikatsiyalar fuqarolarning siyosiy ongi va madaniyati rivojidagi muhim omillardan biri bo‘libgina qolmay, ularni davlat idoralari faoliyatiga keng tatbiq etish va shu orqali mazkur idoralar ish samaradorligining oshishiga, umuman olganda, jamiyatdagi mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etilishiga sharoit yaratadi.
Eng muhimi, jamiyat hayotining muayyan sohasida to‘planib qolgan muammolar sababli yuzaga kelayotgan yoki kelishi mumkin bo‘lgan norozilik kayfiyatlarini o‘z vaqtida ilg‘ab, ularning oldini olish yuzasidan zaruriy choralarni ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, "taraqqiyotga erishish uchun raqamli bilimlar
va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart".
Hozirgi vaqtda siyosiy sohaning muhim vositalaridan biri sifatida internet-kommunikatsiyalarning roli oshib bormoqda. Zamonaviy siyosiy jarayonlarga an’anaviy OAV (bosma nashrlar, radio, televideniye va h.k.) bilan bir qatorda global tarmoqning ham keng tatbiq etila boshlanishi davlat boshqaruvi sohasida katta o‘zgarishlarga olib keldi va axborot jamiyati sub’ektlari orasida siyosiy axborotlar almashinuvini yanada tezlashtirib, unga yangicha tus va mazmun bera oldi.
Mazkur o‘zgarishlar saylovlarda, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida, mamlakatda u yoki bu muhim masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinishi va unda fuqarolarning ishtiroki, ayniqsa, aholining salmoqli qismini tashkil etuvchi yoshlarning internet-kommunikatsiyalar orqali siyosiy ijtimoiylashuvi jarayonlarida yaqqol namoyon bo‘la boshladi.
Internet-kommunikatsiyalarning siyosatdagi rolini birinchilardan bo‘lib ilmiy-nazariy jihatdan o‘rgangan amerikalik tadqiqotchi L.Grossmanning haqli ravishda e’tirof etishicha, «Internet tarmog‘i jamiyatni siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoniga biriktira olish qobiliyatiga egadir».
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur jarayonlar zamonaviy jamiyatning muhim institutlari bo‘lmish «elektron hukumat» va umuman olganda, «elektron demokratiya» platformasining shakllanishi va samarali faoliyati uchun zamin hozirlaydi.
Ma’lumki, rivojlangan mamlakatlarda shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlari amaliyotiga Internetning keng tatbiq etilganligi siyosiy rejimning xarakteri hamda fuqarolarning siyosiy ongi va madaniyati darajasini belgilab beruvchi muhim mezonlardan sanaladi.
Bu esa faol va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish orqali fuqarolik jamiyatini qurish va uni rivojlantirish yo‘lida jadal odimlayotgan davlatlar uchun dolzarb ahamiyatga egadir.
Shuni alohida qayd etib o‘tish lozimki, siyosiy jarayonlarda internet-kommunikatsiyalardan nafaqat ijobiy maqsadlarda, shu bilan birga, destruktiv kuchlar tomonidan o‘zlarining siyosiy maqsadlariga erishishi yo‘lida ham foydalanayotganlik holatlari o‘sib borayotganini kuzatish mumkin.
Xususan, so‘nggi yillarda destruktiv kuchlarning, jumladan, turli terroristik va ekstremistik tashkilotlar, dushmanlik kayfiyatdagi xorijiy mamlakatlarning maxsus xizmatlari, destruktiv «muxolifat», «huquq himoyachilari», mustaqil jurnalistlar va blogerlarning internet-resurslar vositasida turli «qora» siyosiy texnologiyalardan fuqarolarning ongini manipulyatsiya qilish orqali o‘zlarining buzg‘unchi maqsadlarini amalga oshirishga urinishlari kuchayib bormoqda.
Bunday salbiy holatlarning oqibatlarini yaqin o‘tmishda qator davlatlarda sodir bo‘lgan turli nom ostidagi «rangli inqiloblar»da yoki dunyoning olovli nuqtalarida faoliyat olib borayotgan «Islom davlati», «Turkiston Islomiy Harakati», «Tahrir ash-Shom», «Katibat ul-Imom Buxoriy», «Tavhid va jihod», «Xizb ut-Tahrir» singari bir qator xalqaro terroristik va ekstremistik tashkilotlarning o‘z saflarini kengaytirishlarida, shuningdek, ayrim xorijiy davlatlarda ayirmachi (separatistik) guruhlarning faollashayotganligi misolida kuzatish mumkin.
Shu bilan bir qatorda, shaxsning siyosiy ijtimoiylashuvi jarayoniga internetdan bo‘ladigan salbiy ta’sirlar ko‘lami yanada kengayib bormoqda.
Ushbu holat veb-makonda inson ongi, uning siyosiy qarashlariga destruktiv ta’sir eta olish texnologiyalarining rivoji bilan izohlanmoqda.
Bu borada rossiyalik tadqiqotchi A.Magomedovning e’tirof etishicha, «jamiyat hayotining barcha jabhalariga internet tarmog‘ining keng tatbiq etilishi OAVning globallashuviga olib keladi, ularning jamoatchilik ongiga manipulyativ ta’sir ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi va natijada, siyosiy faoliyatni global OAVning fikrlariga qaram qilib qo‘yadi».
Yanada aniqroq qilib aytganda, «siyosiy hayot OAVning haqiqiy makoniga aylanib boradi», ya’ni siyosatning medialashuvi ro‘y beradi.
Umuman olganda, aksariyat mutaxassislarning fikricha, zamonaviy xorij amaliyoti internet-kommunikatsiyalarning siyosiy jarayonlarga keng tatbiq etilishi bilan quyidagi salbiy tendensiyalarning yuzaga kelishiga turtki bo‘lganligini ko‘rsatmoqda. Jumladan:
- «virtual jamiyat»ning internet makonida shakllangan qoida va me’yorlar vositasida real ijtimoiy jamiyatga nisbatan ekspansiyasi yuz berishi, ya’ni virtual makonda sun’iy tarzda yaratilgan va ishlab chiqilgan turli siyosiy texnologiyalarning real ijtimoiy munosabatlar muhitiga ko‘chib o‘tishi natijasida mavjud an’anaviy ijtimoiy vaziyatni izdan chiqishi;
- shaxsning o‘z siyosiy qarashlari va qadriyatlaridan voz kechishga undovchi yoki unga olib keluvchi yot g‘oyalar (terrorizm, ekstremizm, destruktiv muxolifatchilik, millatchilik, separatizm va h.k.) targ‘ibotining kuchayishi;
- noijtimoiy (asotsial) va noaxloqiy (amoral) me’yorlarni demokratik qadriyatlar sifatida ularga huquqiy bo‘yoqlar berish orqali aholi, eng muhimi, yoshlar ongiga singdirishga bo‘lgan urinishning o‘sib borishi;
- turli virtual jamiyatlarni tashkil etish orqali fuqarolarni noqonuniy yoki aksilkonstitutsiyaviy siyosiy tadbirlarga chorlash holatlarining ortib borishi, ya’ni noqonuniy siyosiy targ‘ibot ishlarini olib borish, ruxsat etilmagan aksiyalar – siyosiy fleshmoblar, ommaviy miting va namoyishlarni tashkil etish, pirovard natijada esa «rangli inqiloblar»ni amalga oshirishga zamin yaratilishi;
- saylov jarayonlarida siyosiy partiyalar yoki nomzodlarning elektorat ishonchini qozonish va tarafdorlari sonini ko‘paytirish maqsadida turli noqonuniy siyosiy o‘yinlardan, xususan «qora piar (PR)” kabi zamonaviy siyosiy texnologiyalardan, shu jumladan, siyosiy raqibni obro‘sizlantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlarni tarqatish (feyk), onlayn-ig‘vogarlik yoki bezorilik (trolling) hamda internetda ko‘p sonli sharhlar qoldirish orqali sun’iy usulda ommaviy fikrni shakllantirish (astroturfing) texnologiyalaridan foydalanib, saylovchilar ongini manipulyatsiya qilish orqali o‘z siyosiy reytingini yaxshilashda amaliyotining ommalashib borishi va h.k.
Internet-kommunikatsiyalarning siyosiy jarayonlarga keng tatbiq etila boshlanishi jarayonida uchraydigan salbiy tendensiyalarning keng tarqalishi mamlakatning siyosiy xavfsizligiga xavf va tahdidlarni vujudga keltiradi.
Virtual platformalar bilan bog‘liq yuqoridagi tahdidlarga nisbatan siyosiy hokimiyat tomonidan yetarli darajada himoyaviy xarakterdagi tashkiliy siyosiy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rilmas ekan, bunday mamlakat fuqarolarining aksariyat qismi destruktiv elementlarning siyosiy ta’siriga tushib qoladi.
Bu kabi salbiy holatlarning oqibatlarini so‘nggi 10-15 yillikda ayrim MDH davlatlarida yuz bergan «rangli inqiloblar» misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Shu tufayli, respublikamizdagi siyosiy jarayonlarda internet-kommunikatsiyalar omilining muhim ahamiyatini inobatga olgan holda u orqali amalga oshirilayotgan siyosiy munosabatlarni doimiy asosda o‘rganib, tahlil qilib borish zarurati ob’ektiv ehtiyoj sifatida yuzaga kelmoqda. Chunki, bu avvalo, zamonaviy siyosiy jarayonlar ro‘y berayotgan bir davrda davlatning siyosiy xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash masalasi bilan bevosita va uzluksiz bog‘liqdir.
I.Abdiyev,
tadqiqotchi