English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy ilmiy tadqiqot faoliyatida kompetentlik
11:40 / 2024-01-22

Ijtimoiy institut sifatida ilm-fan insoniyat makroevolyutsiyasi davomida jamiyatning taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shganini tamaddun tarixi isbotlaydi.

Xususan, XXI asrda butun dunyoda ilm-fanning jamiyatga ta’siri kuchayib bormoqda. Ma’lumki, ilmiy bilimlarni ishlab chiqarishda hal qiluvchi rol ilmiy xodimlar, tadqiqotchilarga tegishli.  

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini  barcha darajalarda isloh qilish ijobiy urinishlar bilan tavsiflanadi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ilm-fanni rivojlantirish, ta’limning uzluksizligini ta’minlash, mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga mos  malakali kadrlar tayyorlash muhim vazifalar sifatida  belgilangan. Mamlakatimizda ham, dunyoda ham nostandart fikrlaydigan, fan va ishlab chiqarishda yangi usullarni topa oladigan mutaxassislarga ehtiyoj tobora ortmoqda.  

Mazkur vazifalarni amalga oshirish bilimga asoslangan jamiyat talablariga muvofiq jahon intellektual mehnat bozoriga moslashish, jamiyat taraqqiyotida ilm-fanning roli va nufuzini oshirish, jamiyat a’zolarining ilmiy tafakkurini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish kabilarni taqozo etadi.  

Ilmiy-tadqiqot faoliyati – bu tadqiqotchining mavjud bilimlarini kengaytirish va tizimlashtirish, ilmiy farazlarini tekshirish, relevant ilmiy usullarni qo‘llash orqali tadqiqotlar, empirik tajribalar olib borish, yangi qonuniyatlarni ochish, tadqiqot oldiga qo‘yilgan vazifalarni hal qilish kompetentligidir.  

Kompetentlik metadissiplinar tushuncha bo‘lib, turli fan sohalarining (pedagogika, andragogika, sotsiologiya, psixologiya, menejment) tadqiqot ob’ekti bo‘lib xizmat qiladi. Kompetentlik muammosiga bag‘ishlangan tadqiqotlar orasida Robert Uayt (Robert White), Jon Raven (John Raven), Andrey Xutorskoy kabi mualliflarning izlanishlarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq. Jon Raven kompetensiyani “ma’lum bir sohada muayyan bir harakatni bajarish uchun zarur bo‘lgan hamda sohaviy bilimlar, fanga doir ko‘nikmalar, fikrlash uslublari, shuningdek o‘z harakatlari uchun javobgarlikni anglash kabilarni o‘z ichiga olgan xususiy qobiliyat”, deya talqin qiladi. Garvard universitetining huquq maktabi Negotiation and Leadership dasturi, xususan, ratsional tafakkur, to‘siqlarni yengib o‘tish, konflikt-menejment kompetensiyalarini shakllantirishni taklif qiladi.  

Muallif tomonidan tadqiqotchining kompetentligi tizimiga quyidagilarni kiritish tavsiya etiladi:  

– critical thinking (tanqidiy fikrlash); 

–problem solving (muammolarni yechish ko‘nikmalari); 

–ijodiy tafakkur;  

–ratsional tafakkur;  

–nostandart fikrlash;  

–tizimli tafakkur;  

–analitik ko‘nikmalar;  

–zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish; 

–fan yutuqlarini tanqidiy tahlil qilish va yangilarini yaratish qobiliyati;  

–fanlararo kollaboratsiya;  

–ilmiy faoliyatda axloqiy me’yorlarga rioya qilish;  

–ilmiy etika.  

 

Mohira XOLIQOVA,  

Toshkent shahar pedagoglarni  

yangi metodikalarga o‘rgatish  

milliy markazi direktori,  

falsafa doktori, dotsent  

O‘zA