Mamlakatimiz energetika tizimini rivojlantirish va mavjud quvvatlarni mustahkamlashda, shuningdek, iqtisodiy farovonlikka erishishda gidroenergetika eng samarador sohaga aylanib bormoqda.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlagan “Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirish, shu asosda yangi ekologik toza ishlab chiqish quvvatlarini tashkil etish, suv resurslarini samarali boshqarish orqali korxonalar va aholining elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq qondirishni ta’minlash” masalalari bugungi gidroenergetikaning ustuvor vazifalari hisoblanadi.
Bu jarayonlarda, albatta, respublikamiz gidroenergetikasi bo‘yicha markazlashgan yagona tashkilot hisoblanuvchi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatining mas’ulligi yuqori bo‘lib, jamiyat butun tizimga faol yetakchilik qilib kelmoqda.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yillar mobaynida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan 822 million dollar investitsiya hisobiga jami quvvati 430 MVt ga teng 45 ta gidroelektr stansiya foydalanishga topshirildi, shundan 32 ta yangi GES qurildi va 13 ta mavjud GES zamonaviy talablar asosida to‘liq modernizatsiya qilindi. Jamiyat tasarrufidagi GESlar soni 72 taga yetkazilib, amalga oshirilgan qurilish ishlari va mavjud stansiyalar modernizatsiya qilinishi natijasida amaldagi quvvatlar 2,2 GVt dan oshirilmoqda.
Shuningdek, amaldagi o‘rnatilgan quvvatlardan foydalanish koeffitsiyenti 42 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Bu gidroenergetika tarmog‘i rivojlangan davlatlar, xususan, AQSHga nisbatan – 6 foizga, Turkiyaga nisbatan – 10 foizga, Rossiya va Xitoyga nisbatan – 2 foizga yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Ushbu raqamlar, soha samaradorligi yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga sezilarli hissa bo‘lib qo‘shilishini e’tirof etish joiz. Bugungi kunda hukumatimiz Yangi O‘zbekiston gidroenergetikasini rivojlantirish borasida islohotlarni ilgari surib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda.
Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning respublikamiz hududlariga tashrifi jarayonlarida yangi va modernizatsiya qilingan gidroelektr stansiyalar quvvatlarining ishga tushirilishi, yangi loyihalarga tamal toshlari qo‘yilishi ham yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol isbotidir. Butun atrofi tog‘u toshlar bilan o‘ralgan hududlarda, keng dashtlarda yashil maydonli zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlarini bunyod etish, ayniqsa, mahalliy aholini ish bilan ta’minlash zamonaviy gidroenergetikamizning yuksak salohiyatidan guvohlik beradi, albatta.


Har qadamda o‘ziga xos jozibasi bilan ko‘zimizni quvnatayotgan yoki amalda foydalanayotganimiz har qanday bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarish mahsulotlari va yutuqlari zamirida soha vakillarining mashaqqatli mehnati yotadi.
Bugun biz suratlarda, videolavhalarda ko‘rayotganimiz obod va ko‘rkam makonga aylanib borayotgan gidroenergetika korxonalari soha vakillarining talabchanligi, fidokorona va mashaqqatli mehnati samarasidir.


Bunda, ayniqsa, “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi rahbariyatining xizmatlari alohida o‘rin tutadi. Jamiyatda samarali boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, respublikadagi barcha gidroelektr stansiyalar hamda tegishli suv omborlaridagi ishlab chiqarish faoliyati, qurilish va modernizatsiya jarayonlari, obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish ishlari qat’iy nazorat qilib boriladi. Boshqaruv raisi rahbarligidagi mas’ullar yil davomida rejali asosda har bir ishlab chiqarish va qurilish ob’ektiga joyiga chiqqan holda, mavjud holatni tahliliy-tanqidiy o‘rganadi, ishchi-xodimlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazib, ularni ijtimoiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘radi.


Bunday yondashuv, o‘z navbatida, tizimdagi investitsiya loyihalarini jadallashtirish, soha samaradorligini oshirish, yangi quvvatlarni yaratish hamda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish imkonlarini kengaytiradi. Shu boisdan ham, tizim zamonaviy islohotlarga hamohang taraqqiy etib, yurtimiz yuksalishiga o‘z hissasini qo‘sha olmoqda.

Bugun har tomonlama shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan Yangi O‘zbekistonimizda gidroenergetika tarmog‘i o‘z o‘rniga ega bo‘lib, yuksalish davriga qadam qo‘ymoqda. “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan 2025 yil “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati uchun yanada muhim va dolzarb davr bo‘lishi, shubhasiz. Jumladan, 2025 yilda gidroenergetika tarixida ilgari kuzatilmagan 36 ta sanoat ob’ektini foydalanishga topshirish, mikro GESlar faoliyatida mahalliylashtirishni rivojlantirish rejalashtirilgan.
Albatta, Prezidentimiz va xalqimiz tomonidan gideroenergetiklar oldiga qo‘yilgan barcha natijalarga erishish ulkan va sharafli marra hisoblanadi. Ushbu marralarni zabt etishda soha mas’ullaridan yanada fidoyilik, bilimdonlik, qat’iyat va shijoat, o‘z kasbiga, Vatanimizga muhabbat va sadoqat talab qilinadi.
Fursatdan foydalanib, 22 dekabr – Xalqaro energetiklar kuni munosabati bilan yurtimizga yorug‘lik ulashib, xonadonlarimizni nurafshon, xalqimizni farovon etish yo‘lida sharafli mehnat qilib kelayotgan barcha energetika sohasi vakillarini samimiy tabriklayman.
Feruza AZIMOVA,
“O‘zbekgidroenergetika” ilmiy-texnik jurnali bosh muharriri.
O‘zA