Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy geoaxborot tizimi tatbiq etildi
08:23 / 2025-12-27

Prezidentimizning 2023 yil 13 fevraldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2023 yil 11 sentyabrdagi “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023-2027 yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga ko‘ra, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan zamonaviy raqamli boshqaruv tizimlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Mazkur qarorlar ijrosi doirasida “ArcGIS Enterprise Advanced” dasturiy ta’minoti tashkil etilib, uning asosida “ArcGis-HGT onlayn boshqaruv” tizimi amaliyotga tatbiq qilindi. Ushbu tizim orqali Namangan viloyatining shahar va tumanlarida “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali hamda uning hududiy bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan chilangar xodimlarning kundalik mehnat faoliyatini nazorat qilish va hisobini yuritish ishlari sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi.

Jarayon doirasida chilangarlar tomonidan “Quick Capture” mobil ilovasi orqali har kuni bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar “ArcGis-HGT onlayn boshqaruv” tizimiga yuborilmoqda. Tizim orqali ushbu ma’lumotlar avtomatik ravishda umumlashtirilib, tahlil qilinadi. Bu esa har bir xodimning mehnat faoliyati, shuningdek, lavozim yo‘riqnomasida belgilangan vazifa va majburiyatlarning to‘liq va sifatli bajarilishini doimiy nazorat qilib borish imkonini beradi.

– Ayni paytda tashkilotimizning kadastr bo‘limi tomonidan gaz ta’minoti tizimini raqamlashtirish yo‘nalishida muhim ishlar amalga oshirildi, – deydi “Hududgaz Namangan” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Nasiba Abdullayeva. – Xususan, filial tasarrufidagi qariyb 5 ming 207 kilometr gaz tarmoqlari, 556 ta gaz taqsimlash punkti hamda yirik hududlarda joylashgan elektron gaz hisoblagichlarning joylashuvini aks ettiruvchi elektron topoxarita va ma’lumotlar bazasi – “Geoaxborot” tizimi yaratildi.

Mazkur raqamli yechimlar natijasida gaz quvurlari va gaz qurilmalarini masofadan turib onlayn nazorat qilish, avariya va nosozliklarni tezkor aniqlash hamda bartaraf etish imkoniyati yanada kengayadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.