Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy fitosanitar laboratoriya faoliyati bilan tanishishdi
20:51 / 2025-11-27

Sirdaryo viloyatida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Sirdaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasida press-tur tashkil etildi. Tadbirda jurnalistlar laboratoriyaning asosiy faoliyati, zamonaviy texnologiyalari va fermerlarga ko‘rsatayotgan xizmatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.

Laboratoriyaning asosiy vazifasi – karantin ostidagi mahsulotlarning fitosanitar talablar va standartlarga muvofiqligini aniqlash, xavf tahlili o‘tkazish hamda fitosanitar sertifikat va karantin ruxsatnomalarini berishdir. Shuningdek, laboratoriya ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish va yuqori hosil olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ahamiyatli jihati, fitosanitar laboratoriya zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, milliy standart talablari asosida O‘zbekiston Respublikasi Akkreditatsiya Markazi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan. Laboratoriyaga namunalar Sirdaryo viloyatining tuman va shahar bo‘limlari hamda O‘simliklar karantini chegara maskani inspektorlari tomonidan olib kelinadi. Namunalar entomologiki, fitopatologik va gerbologik fitoekspertizalar asosida tekshiriladi.

Bundan tashqari, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalarida unumli va eksportbop qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirishni amalga oshirish maqsadida, zamonaviy mobil ko‘chma laboratoriya orqali  tez va aniq xulosa berish imkoni ham mavjud. Bu xizmat “Karantin – dehqonga ko‘makchi” tamoyili asosida amalga oshiriladi va fermerlar o‘z ekinlari uchun sifat va xavfsizlik kafolatiga ega bo‘ladi.

Press-tur davomida jurnalistlar laboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishib, barcha qiziqtirgan savollariga javob olishdi.  

Laboratoriya mudiri Farrux Mavlonov ularga laboratoriyada olib borilayotgan tekshiruvlar, ilmiy izlanishlar va qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishdagi xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri