Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy energetika majmuasi bunyod etilmoqda
12:37 / 2026-02-26

Bugun Yangi O‘zbekiston taraqqiyot bosqichida eng dolzarb masalalardan biri — elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning yil sayin ortib borayotganidir. Iqtisodiyot tarmoqlari kengayib, sanoat quvvatlari oshib, aholi farovonligi yuksalgan sari barqaror va sifatli energiya ta’minoti strategik omilga aylanmoqda. Energiya — taraqqiyotning qon tomiri, iqtisodiy barqarorlikning tayanch ustunidir.

O‘zbekiston – 2030 strategiyasi mamlakatni izchil islohotlar yo‘lidan yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Unda energetika xavfsizligini mustahkamlash, qayta tiklanuvchi va yuqori samarali texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 2030-yilga qadar 3 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va uning o‘rniga 50 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini muqobil manbalar hisobidan ishlab chiqarish rejasi — shunchaki raqam emas, balki iqtisodiy mustaqillik va ekologik barqarorlikka qaratilgan aniq strategik qadamdir.

So‘nggi yillarda davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari ijrosi doirasida 2022–2026-yillarda energiya tejamkorligini kamida 30 foizga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlik sub’ektlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga rag‘batlantirish, imtiyoz va preferensiyalar berish orqali ishlab chiqarish xarajatlari qisqartirilmoqda, mahsulot tannarxi pasaytirilmoqda, raqobatbardoshlik oshirilmoqda. Bu esa iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazishning amaliy ifodasidir.

Jizzax viloyatida barpo etilayotgan 550 MVt quvvatga ega bug‘-gaz elektr stansiyasi ana shu strategik maqsadlarning yorqin namunasidir. Prezidentning 2023-yil 8-noyabrdagi “Jizzax viloyatida quvvati 550 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Sharof Rashidov tumanida zamonaviy energetika majmuasi bunyod etilmoqda.

Loyiha qiymati 500 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu issiqlik elektr stansiyasi qurilishi investor — Turkiyaning “CENGIZ ENERJI SAN.VE TICA. S” kompaniyasi va loyihachi “Cenergo” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihani loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish hamda 25 yil davomida ekspluatatsiya qilish shartlari belgilangani uning uzoq muddatli barqaror ishlashini kafolatlaydi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilgani esa mamlakatimizda investitsiya muhiti izchil yaxshilanib borayotganining amaliy tasdig‘idir.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, stansiya yiliga 3,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Natijada 700 million kub metr tabiiy gaz tejaladi, 1,5 million xonadonni barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyati yaratiladi. Samaradorlik darajasining 60 foizni tashkil etishi mazkur inshootni zamonaviy va tejamkor texnologiyalarga asoslangan energetika yechimi sifatida namoyon etadi.

Qurilish jarayonining o‘zi ham iqtisodiy faollik manbaiga aylangan. Bugun maydonda 600 nafar mahalliy va xorijiy mutaxassis mehnat qilmoqda. Loyiha to‘liq ishga tushgach, 250 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Eng muhimi, ekspluatatsiya bosqichida ishlaydigan mutaxassislarning asosiy qismi mahalliy kadrlardan iborat bo‘ladi. Bu — investitsiya bilan birga ilg‘or tajriba va texnologiyalar ham kirib kelayotganini anglatadi.

Umuman, 2025-yilning o‘zida viloyatda 12 trillion so‘mlik 558 ta investitsiya loyihasining ishga tushirilishi va 11 ming 726 ta yangi ish o‘rni yaratilishi hududda iqtisodiy faollik izchil kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Energetika sohasidagi yirik loyihalar esa mazkur o‘sishga mustahkam zamin yaratmoqda.

Yangi elektr stansiyasi — bu oddiy sanoat ob’ekti emas. U — O‘zbekiston – 2030 strategiyasida belgilangan maqsadlarning amaliy ifodasi, energetik mustaqillikka qaratilgan qat’iy siyosatning samarasi, innovatsion taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.

Zero, barqaror energiya — barqaror iqtisodiyot demak. Barqaror iqtisodiyot esa Yangi O‘zbekistonning ertangi kuniga ishonch bilan qo‘yilgan mustahkam qadamdir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA