Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy energetika: ilmiy yondashuvlar va amaliy yechimlar
17:29 / 2025-12-19

Bugun Toshkent davlat texnika universitetida “Energiya samaradorligi-2025. Intellektuallashtirish-energetika rivojlanishining kelajagi” mavzusida xalqaro ilmiy-texnik konferensiya o‘tkazildi.

Tadbirda mamlakatimiz yetakchi olimlari, mutaxassislari qatorida MDH davlatlari,  Xitoy, Germaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Yaponiya, Belarus va Janubiy Koreyadan energetika sohasi vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar qayd etganidek, bugungi kunda elektr energetikasi tarmog‘i uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda energetika sohasida zamonaviy yondashuvlar, ilmiy-tadqiqot natijalari va amaliy tajribalarni muhokama qilish har jihatdan muhim vazifalarga aylanyapti.

Mazkur anjuman aynan shu ishlar ijrosida muhim bo‘lib, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash jarayonlarida mavjud muammolarni atroflicha muhokama qilish, energiya resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan ilmiy izlanishlar natijalarini taqdim etishda muhim muloqot maydoni vazifasini o‘taydi.  

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yoqilg‘i-energetika kompleksini global transformatsiya qilish, energiya samaradorligi va resurs tejamkorligi, innovatsion elektr energetikasida detsentralizatsiya, raqamlashtirish va intellektuallashtirish jarayonlari, shuningdek, dekarbonizatsiya masalalari kabi ustuvor yo‘nalishlardir. Shu bilan birga, zamonaviy issiqlik energetikasi, qayta tiklanuvchi, atom va vodorod energetikasi asosidagi energetik tizimlarni rivojlantirish, suv energetikasi muammolari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sohaviy hamkorliklar kun talabiga aylanmoqda. Bugungi uchrashuv esa tomonlar o‘rtasida o‘zaro muloqot va zamonaviy yondashuvlar uchun yechim ishlash imkoniyatini yaratdi.

Unda energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov mamlakatda energiya samaradorligini oshirish davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa sifatida belgilanganini ta’kidladi.  

– Bugungi kunda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish hamda iste’mol qilishda intellektual yechimlar, raqamli texnologiyalar va ilg‘or ilmiy yondashuvlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Energetika sohasida barqaror rivojlanishga erishish, resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhitga ta’sirni kamaytirishda ilm-fan va ta’lim hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bunday xalqaro anjumanlar tajriba almashish, yangi g‘oyalarni shakllantirish va sohani tizimli rivojlantirishga xizmat qiladi, – dedi vazir o‘rinbosari.

Anjuman yakunida ishtirokchilar energetika sohasida xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, innovatsion g‘oya va yechimlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha galdagi vazifalarni belgilab oldi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA