Mamlakatimizda energetika tizimi xususan, neft-gaz sohasini rivojlantirish davlatimiz belgilab olgan vazifalarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu jarayonda iste’molchilarni tabiiy va suyultirilgan gaz bilan barqaror ta’minlash, beminnat, arzon yoqilg‘i sarfini nazorat qilishning zamonaviy usullarini keng joriy etishga e’tibor kuchaytirildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatga muvofiq Surxondaryo viloyatida ham tegishli chora-tadbirlar asosida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, 2020-2022 yillarda 107 ming 833 dona elektron gaz hisoblagich uskunasini o‘rnatish belgilandi.
Xo‘sh, o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichning ta’minotchi va iste’molchiga qanday qulayliklari bor?

–Bu o‘z nomiga mos juda "aqlli" hisoblagich,– deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. – Avtomatlashtirilgan bu tizimning joriy etilayotgani qarzdorlik bilan bog‘liq muammo va uzilishlarning oldi olib, yo‘qotishlar hamda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari to‘g‘risida ta’minotchini o‘z vaqtida ogohlantiradi. Iste’molchining yoqilg‘i sarfini yuqori aniqlik bilan o‘lchab, real vaqt rejimida markazga tegishli ma’lumotlarni uzatadi. Hisoblagich huddi mobil telefoningiz singari sim karta va akkumulyator-batareyada ishlaydi. Dispetcherlik xizmatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri simsiz aloqa yordamida ulangan “aqlli” hisoblagich orqali navbatchi o‘z monitorida qaysi xonadonga qancha miqdorda gaz berilayotgani va qay biriga umuman tabiiy gaz yetib bormayotgani, qayerda qanday nosozlik mavjudligi, xullas, barcha holatni nazorat qilib turadi. Hisoblagichda qarz yuzaga kelishi bilanoq, inson aralashuvisiz gaz berish iste’molchi sarflangan yoqilg‘i harajatini to‘lagunicha to‘xtatiladi. Bunda gaz hisoblagich tarmoqdan darhol uzilmaydi. Qarzdorlik paydo bo‘lishiga yaqin qolganda hisoblagich pul to‘lash lozimligi to‘g‘risida mobil telefonga qisqa xabar (SMS) yuboradi. Dam olish va bayram kunlari bank tizimi ishlamagani uchun gaz berish to‘xtatilmaydi. Yana bir qulayligi qarzdorlik tufayli gaz berish to‘xtatilgach, iste’molchi pul to‘lab qarzni yopganidan keyin ham hisoblagich, toki iste’molchi uydagi barcha ochiq qolgan gaz uskunalarini berkitmagunicha gazni o‘tkazmay turadi. Ya’ni, turli ko‘ngizsiz hodisalar deylik, yong‘in xavfsizligining ham oldini oladi.

Yana mutaxassislarning aytishicha, bu hisoblagich agar iste’molchi uyida qo‘shimcha o‘choq, tandir yoki issiqxonani tabiiy gaz tarmog‘iga ulasa, iste’mol qilinayotgan tabiiy gaz ehtiyoji oshib ketgani uchun gaz yetkazib berishni inson omilisiz to‘xtatib, “sotuvchi-xaridor” munosabatlari bilan bog‘liq ziddiyatli vaziyatlarning oldini oladi. Chunki, bu yerda yangi to‘lov intizomi joriy etilib, gaz yetkazib beruvchi xizmatlarni sifatli taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xaridor iste’mol qilingan tabiiy gaz haqini o‘z vaqtida to‘liq to‘lab boradi.
Ta’minotchi va iste’molchi uchun shunga o‘xshash qulayliklar yaratadigan “aqlli” gaz hisoblagichni belgilangan muddatda o‘rnatish uchun “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialiga yetarli malakali payvandchi va chilangarlar shartnoma asosida ishga qabul qilindi. Bu xonadonlarga zamonaviy gaz hisoblagich o‘rnatish samaradorligini oshirib, tajribali payvandchi va chilangarlar bandligini ta’minlash uchun qulay muhit yaratdi. Ayni paytda hududlarda yuzdan ortiq payvandchi va chilangar shartnoma asosida mehnat qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatning Angor, Bandixon, Denov, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy, Sherobod kabi yettita tumanida aholi xonadonlariga zamonaviy elektron gaz hisoblagich uskunasi o‘rnatib bo‘lindi. Jarqo‘rg‘on, Uzun, Termiz, Sho‘rchi, Sariosiyo, Boysun va Denov shahrida gaz hisoblagichlarni o‘rnatish davom etmoqda. Termiz shahrida ham bu ish yakunlanmoqda. Shuningdek, vohada maxsus himoya qutilari o‘rnatish 70 foizdan oshdi. Bosim rostlagich bilan jihozlash qariyb 60 foizni tashkil etmoqda.
Mavridi kelganda shuni ham aytish o‘rinliki, endilikda iste’molchining o‘zi foydalanayotgan tabiiy gazini nazorat qilib, to‘lovini ham o‘zi amalga oshirmoqda. Gaz ta’minoti xodimi kelib, eshikni taqillatayotgani yo‘q. To‘lov uchun ham qimmatli vaqtni sarflab, gaz ta’minoti idorasiga borishga ehtiyoj qolmadi. Chunki, sarflangan gaz haqini mobil to‘lov tizimi orqali bemalol amalga oshirish mumkin.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filialidan aytishlaricha, endilikda viloyatdagi ijtimoiy soha obektlariga ham elektron gaz hisoblash uskunasini o‘rnatish tegishli tartibda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda zamonaviy gaz hisoblagich “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati mablag‘i hisobidan xarid qilinadi. Ularni o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlar mahalliy budjetning qo‘shimcha mablag‘lari evaziga amalga oshiriladi. Shunga asosan bu yil vohadagi 518 ta ijtimoiy soha obektiga elektron gaz hisoblash uskunasi o‘rnatiladi. Hozirgacha 122 ta muassasaga “aqlli” gaz hisoblash uskunasi o‘rnatib berildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA