Sirdaryo viloyatida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiali avariya-tiklash brigadalari zamonaviy elektromobillar bilan ta’minlandi. Yangi 15 dona Changan T-10 rusumli elektromobillar tezkor harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lib, brigadalarning xizmat sifatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu elektromobillar oldingi yoqilg‘i bilan harakatlanuvchi texnikalarga nisbatan energiyani elektr orqali ishlatishi bilan atmosferani ifloslanishidan himoya qiladi.

Mazkur elektromobillar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 4 iyundagi farmoyishiga muvofiq Xitoy Xalq Respublikasidan xarid qilindi. Farmoyishda hududlardagi taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, avariyalarni tezkor bartaraf etish va filialning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash vazifalari belgilangan.
– Yangi elektromobillar nafaqat favqulodda vaziyatlarda brigadalarimizga tezkor harakatlanish imkonini beradi, balki xizmat ko‘rsatish samaradorligini ham sezilarli darajada oshiradi, – deydi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Sirdaryo hududiy filiali bosh muhandisi Dilshod Abduqodirov. – Mashinalar energiya tejamkor va ekologik toza, shuningdek, uzoq masofaga harakatlanish qobiliyatiga ega. Bu esa aholiga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish imkonini beradi.

Yangi transport vositalari foydalanishga topshirilishi bilan filialning zamonaviy xizmat ko‘rsatish salohiyati yanada mustahkamlandi va barqaror rivojlanishga hissa qo‘shildi. Shu bilan birga, elektromobillardan foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish va energiya tejamkorlikni ta’minlash yo‘nalishida ham muhim qadam tashlandi.
Hududdagi mutaxassislar va aholi yangi elektromobillar orqali avariyalarga tezkor javob berish, xizmat sifatini oshirish va ekologik toza transportdan foydalanish imkoniyati paydo bo‘lganini e’tirof etmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri