Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hududidagi Don va sholi ilmiy-tadqiqot birlashmasi tomonidan qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, ayniqsa, urug‘chilik va don mahsulotlari sifatini yaxshilash maqsadida muhim loyiha amalga oshirildi.
Xitoy davlatidan 100 ming AQSH dollari evaziga zamonaviy, yuqori samaradorlikka ega asbob-uskunalar olib kelindi. Ushbu uskuna soatiga 5 tonna hajmdagi 20 turdagi don mahsulotini qayta ishlash imkoniyatiga ega. U orqali donni chang va aralashmalardan tozalash, navlarga ajratish, maxsus dorilar bilan ishlov berish va tayyor mahsulotni qadoqlash ishlari avtomatlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi. Bu esa vaqtni tejash, mehnat unumdorligini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Yangi texnologiyalarning joriy etilishi qishloq xo‘jaligi sohasida zamonaviy yondashuvlarni kuchaytirishga zamin yaratadi. Ayniqsa, Nukus tumanida yetishtirilayotgan don va sholi mahsulotlarining eksportbopligini oshirish, ularning bozorbop tarzda qadoqlanishi muhim ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, urug‘lik donlarni sifatli saralash va dorilash orqali kelgusi mavsumda hosildorlikni yanada oshirish imkoniyati yaratilib, mahsulot yetishtirish jarayonida sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanadi va hudud iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo‘shiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.