Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy davlat xizmatining asosida mas’uliyat va professionallik uyg‘un bo‘lishi kerak
12:36 / 2025-09-04

Farmon va ijro

Kadrlar siyosatida inqirozning chuqurlashishi mamlakat rivojiga jiddiy ta’sir qiladi. Dunyo tajribasida bu borada muammoga duch kelgan, zaxirasiz tizimning oqibatida jabr ko‘rgan davlatlar oz emas. Davlat xizmatining ijtimoiy imiji ustida ishlamaslik sababidan muammolarga duch kelganlar ham ko‘p.

Kadrlar zaxirasini yaratmagan mamlakatlarda rahbarlik lavozimlariga ko‘pincha tajriba va iqtidor hisobga olinmasdan shaxsiy aloqalar asosida tayinlovlar amalga oshiriladi.

Samaradorlikni baholash tizimi va onlayn monitoring joriy etilmaganida esa xizmatchilar faoliyati “ishga kelib-ketish” bilangina o‘lchanardi. Bu esa idoralarda sustkashlikni kuchaytirardi.

Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlarda KPI tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgani davlat xizmatini isloh qilishda asosiy vosita bo‘lgan. Yevropa Ittifoqida o‘n besh yillar oldin davlat xizmatining jozibadorligi sezilarli pasaygan. Oqibatda ko‘plab iqtidorli yoshlar xususiy biznesni afzal ko‘rgan. Keyinchalik maxsus motivatsiya dasturlari va sohadagi islohotlar orqali bu yo‘nalish qayta tiklangan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bir qarashda unchalik jiddiy ko‘rinmagan bu yo‘nalishda O‘zbekistonda qanday choralar ko‘rilmoqda?

Keyingi yillarda davlat fuqarolik xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xizmatchilar ishini natijadorlikka yo‘naltirish, aholining davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish borasida tizimli ishlar qilindi. Sohaga istiqbolli kadrlarni jalb qilish choralari ko‘rilmoqda.

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonuni hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida tegishli vazifalar aniq ko‘rsatilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni sohadagi islohotlarni yanada jadal va puxta olib borishga xizmat qilmoqda.

Ushbu farmonda davlat xizmatini natijador, shaffof va zamonaviy tizimga aylantirish, inson kapitaliga asoslangan professional kadrlar korpusini shakllantirish maqsadi mujassam.

Dastlabki bosqichlarda davlat xizmati ko‘proq tashkiliy-huquqiy asoslarda isloh qilingan bo‘lsa, endilikda samaradorlik, kadrlar siyosati va jamoatchilik ishonchiga asosiy urg‘u qaratilmoqda.

– Bugungi kundagi o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi qarashlar bu sohada ham islohotlar bo‘lishi lozimligini taqazo qiladi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi departamenti mudiri Alisher Eranov. – Farmon bilan sohaga bir qator yangiliklar joriy qilindi. Avvalo, davlat xizmatiga kirishdan tortib ishdan bo‘shashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar tartibga solinmoqda. Ya’ni, tanlov tartibi to‘g‘risidagi nizom, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va malaka darajalari tizimi tatbiq etilyapti. Endi davlat xizmatida nafaqat yuqoriga qarab o‘sish, balki bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, tajriba ortirish asosida gorizontal karera tizimi ham joriy etilyapti.

Avval davlat xizmati ko‘proq qonunchilik va idoraviy tartiblar bilan chegaralangan bo‘lsa, endi u zamonaviy menejment qoidalariga yaqinlashmoqda. Bu esa davlat xizmatini haqiqiy kasb va karera yo‘lining bir qismiga aylantiradi.

Farmonga ko‘ra, yuqori salohiyatli nomzodlardan iborat Milliy kadrlar zaxirasi shakllantiriladi. Bu tizim rahbar lavozimlarida tezkor almashinuv imkonini yaratib, sifatli tanlov kafolatini ta’minlaydi. Shuningdek, “TOP-100” dasturi orqali istiqbolli rahbarlar aniqlanib, ular uchun alohida sinov va tayyorgarlik tizimi joriy etiladi. Buni ko‘p davlatlardagi “fast-trek” liderlik dasturlariga qiyoslash mumkin.

Har bir xizmatchi faoliyati endi ishga kelib-ketishi bilan emas, balki bajargan ishi, topshiriqlarning natijasi bilan baholanadi. Masalan, mahalliy hokimiyatda investitsiya jalb qilish yoki aholi murojaatlariga yechim topish ko‘rsatkichlari asosiy mezon sifatida hisobga olinadi. Agar rahbar yoki xizmatchi KPI orqali baholansa, u faqat yuqori idora uchun emas, balki jamoatchilik uchun ham hisobdor bo‘ladi. Bu davlat xizmatini ochiq va samarali qiladigan muhim omil sanaladi.

Farmon korrupsiyaga qarshi kurashda ham yangi yo‘l ochmoqda. “Halollik vaksinasi” konsepsiyasi orqali xizmatchilarning huquqiy va axloqiy immuniteti kuchaytiriladi. Bundan tashqari, xizmat safari xarajatlari maxsus elektron modul orqali hisobga olinadi. Bu tizim amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega, chunki xizmat safari bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar yoki noto‘g‘ri hisobotlar korrupsiya uchun maydon yaratib kelgan.

Shu bilan birga, farmonda davlat xizmatchilarining ijtimoiy sharoiti va motivatsiyasi ham inobatga olingan. Davlat organlarida sog‘lom ovqatlanish, sport tadbirlari, muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etilishi nazarda tutilgan. Bu orqali davlat xizmati nafaqat mas’uliyatli, balki obro‘li va jozibador kasb sifatida ko‘rina boshlaydi. Ya’ni, yoshlar orasida “davlat xizmatiga kirish – hayotimdagi asosiy imkoniyat” degan tushuncha kuchayadi.

Farmonning yana bir muhim jihati – uning xalqaro standartlar bilan uyg‘unligi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xizmatchilar xorijda stajirovkadan o‘tadi. Raqamlashtirish orqali esa byurokratiya qisqaradi. Xorijiy tajribalardan ma’lumki, davlat xizmatini modernizatsiya qilishda aynan raqamli tizimlar va kadrlar tayyorlash dasturlari hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bu hujjatning to‘liq ijrosi natijasida davlat xizmatida shaffoflik kuchayadi, rahbar kadrlar zaxirasi shakllanadi, korrupsiyaning asosiy manbalari qisqaradi. Eng muhimi, davlat xizmatchisi jamoatchilikda obro‘li, professional va yuksak mas’uliyatli shaxs sifatida namoyon bo‘ladi.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri