Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud tizimi — xalqchil davlat poydevori
22:36 / 2026-01-10

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan tarixiy Murojaatnomasini tinglash mobaynida mustaqillikdan keyingi bosib o‘tilgan yillar, murakkab davrlar ko‘z oldimdan o‘tdi va beixtiyor bugungi kunlarga yetib kelganimizga shukur keltirdim. 

Barcha qatori men ham shu mamlakatda yashayotgan oddiy fuqaro sifatida yurtimizda demokratik islohotlar izchil sur’atlarda amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Ayniqsa, Yurtboshimiz Murojaatnomasidagi oltinchi ustuvor yo‘nalish - “Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish” yuzasidan fikrlar bildirilganda, bu O‘zbekistonning bugungi va kelgusidagi demokratik yangilanish yo‘lidagi qat’iy qadam bo‘lishiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Murojaatnomada aholi muammolarini hal etish, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli tizim yaratish, parlamentga bugungidan - da ko‘proq vakolatlar berish, hokimlar va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarini bir-biridan ajratish bo‘yicha qayd etilgan fikrlar xalqimizni yanada ruhlantirib yubordi. 

Zero: birinchidan, 2026 yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanishi, barcha davlat idoralarining mingdan ziyod davlat xizmatlari, 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari, 200 ta ma’lumot bazasi va axborot tizimi hamda 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi mahalladan tortib respublika darajasida hal bo‘ladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda ko‘rinib turishi uchun zamin yaratadi va bu aholi murojaatlari ijrosi doimiy nazoratda bo‘lishini ta’minlaydi.

Ikkinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli tizim yaratilishi xalqqa, xususan, yangi uy qurgan fuqaroga katta ko‘mak bo‘ladi. Ya’ni, fuqaro kadastr hujjatini olish uchun murojaat qilsa, yangi platforma suv, elektr va gazga ulanish masalasini ham shu zahoti hal qilib beradi. Bunday xizmatlar esa 2026 yilda 100 taga yetkaziladi.

Uchinchidan, konstitutsiyaviy islohotlar doirasida viloyat hokimlari va mahalliy kengashlar raislari lavozimlarini bir-biridan ajratish siyosati 2026 yil 1 yanvardan mavjud 208 ta tuman va shaharda ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa xalq vakillari bo‘lgan deputatlar va mahalliy kengashlarga bo‘lgan ishonch yanada ortishiga, eng muhimi esa mahalliy hal etilishi lozim bo‘lgan xalq muammolari yechimi yuzasidan deputatlarning rolini oshirishga xizmat qiladi. Ushbu jiddiy siyosiy islohot hokimlar va ijro idoralaridan Kengashlarga munosabatni mutlaqo o‘zgartirishni ham talab qiladi. Ayniqsa, endilikda deputat so‘rovlariga befarqlik bilan qaragan, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mansabdorlar ustidan prokuraturaga taqdimnoma kiritiladi.

To‘rtinchidan, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishi va Hisob palatasining vakili faoliyati yo‘lga qo‘yilishi tizimdagi nopok shaxslarni aniqlash, byudjet mablag‘i talon-toroj bo‘lishi va mansabni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatilishiga zamin yaratadi. Bu esa davlatning har bir so‘m mablag‘i va resursi bo‘yicha shaxsiy javobgarlikni kuchaytiradi.

Beshinchidan, odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etish jarayoni davomi sifatida tergovni ham raqamlashtirishga o‘tiladi va bu inson huquqlari himoyasi yanada kuchayishida muhim omil bo‘ladi. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirish borasida ham bosqichma - bosqich islohotlar amalga oshiriladi.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada belgilangan ushbu vazifalar mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini har tomonlama mustahkamlash, xalq farovonligi va xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

A.Oripov,

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Farg‘ona viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi.