English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy chorvachilik: imkoniyatlar samarasi (+video)
19:27 / 2026-01-29

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri — chorvachilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaratilgan qulay shart-sharoitlar, imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari sohaga qiziqish bildirayotgan tadbirkorlar sonining yil sayin ortishiga xizmat qilmoqda.

Ana shunday ilg‘or tashabbuslardan biri Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Qalacha” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritayotgan “Zotdor chorva davri” MCHJ naslli chorva mollari fermer xo‘jaligidir. Mazkur xo‘jalik 2023 yildan buyon samarali faoliyat olib bormoqda.

Tadbirkor Dilmurod Tursunov rahbarligidagi fermada hozirgi kunda 500 bosh naslli chorva mollari sut yo‘nalishida parvarishlanmoqda. Har bir sigirdan kuniga o‘rtacha 30–35 litr sut sog‘ilib, mahalliy ishlab chiqarish korxonalariga yetkazib berilmoqda. Xo‘jalikda zamonaviy parvarish usullari, to‘g‘ri oziqlantirish hamda qat’iy veterinariya nazorati yo‘lga qo‘yilgan.

[gallery-27358]

— Chorvachilikda yem-xashak ta’minoti eng muhim masalalardan biri, - deydi fermer xo‘jaligi rahbari Dilmurod Tursunov. — Tashqi bozorga qaram bo‘lib qolmaslik maqsadida ozuqani o‘zimiz tayyorlaymiz. Sut sog‘ish jarayonlarida zamonaviy uskunalardan foydalanyapmiz. Ilg‘or texnika va omborxonalar mahsulot sifatini saqlash, xarajatlarni kamaytirish hamda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish imkonini bermoqda.

Ayni paytda fermada 23 nafar doimiy ishchi mehnat qilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchilar uchun oilaviy yashashga mo‘ljallangan munosib shart-sharoitlar yaratilgan.

Xo‘jalik faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida 500 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari jalb etilgan. Mazkur mablag‘lar hisobidan infratuzilmani yaxshilash va ishlab chiqarish hajmini oshirish rejalashtirilgan.

Kelgusida ferma hududida sutni qayta ishlash korxonasini tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda tayyor sut mahsulotlarini xorijiy davlatlarga eksport qilish ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 4 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, Germaniyadan olib kelingan “Golshteyn” va “Simmental” zotli naslli chorva mollari yuqori mahsuldorlik ko‘rsatmoqda. Hozirda ferma bir qator ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik qilib, ularga barqaror ravishda sut yetkazib bermoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rWEZvSb_k3E" title="Zamonaviy chorvachilik: imkoniyatlar samarasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muqimjon QODIROV (surat va video), O‘zA