Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy baxshichilik san’atiga bag‘ishlandi
14:57 / 2023-05-06

Guliston shahrida “Zamonaviy baxshichilik san’ati: oltin merosning yangi ohanglari” mavzusidagi uchinchi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.

Yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat ruhida tarbiyalashda ezgulikka chorlovchi, vatanparvar, adolatli, mard, jasur bo‘lishga undovchi dostonlarning va umuman baxshichilik san’atining o‘rni behad ulug‘dir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Dostonchilik va baxshichilik — milliy g‘ururimiz. Uning zamiridagi ezgu qadriyatlarni xalqimizga yetkazish lozim” deya soha egalari zimmasiga g‘oyat sharafli vazifalarni yuklagani bejiz emas.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida ta’kidlanganidek, xalqimizning yuksak badiiy dahosi bilan yaratilgan ushbu noyob san’atni asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha mamlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada yurtimizda “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlangani, Termiz shahrida bu ulug‘ badiiy obida sharafiga, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik majmualari bunyod etilgani, davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni ta’sis etilganini qayd etish lozim. 2022 yil o‘zbek xalqining ko‘hna va betakror san’ati namunasi bo‘lgan baxshichilik san’ati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.  

[gallery-11753]

bugungi kunda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida “Doston ijrochiligi” kafedrasi, Termiz shahrida baxshichilik maktabi, Nukus shahrida opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab, respublikamizdagi bolalar musiqa va san’at maktablarida folklor sinflari faoliyat ko‘satmoqda. Yurtimizda ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plamlari chop etildi, 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari muntazam davom etmoqda.

Madaniyat va turizm vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti hamkorligida “Zamonaviy baxshichilik san’ati: oltin merosning yangi ohanglari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda shular haqida so‘z bordi.

Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Rossiya, Turkiya, Vengriya, Koreya Respublikasi, Yaponiya kabi 30 dan ortiq mamlakatlardan sohaning yetuk mutaxassislari ishtirok etmoqda. Taniqli folklorshunos olimlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashayotgani ahamiyatlidir. Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘zaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etmoqda.

Xalqaro konferensiya ishtirokchilari anjuman doirasida tashkil etilgan Uchinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalining ochilish marosimiga bag‘ishlab tashkil etilgan mamlakatimizning usta baxshilari, xorijlik epik ijodkorlar, san’atkorlar ishtirokidagi bayram dasturida ham ishtirok etadi.

Anjuman yakunida baxshichilik san’ati istiqboli bilan bog‘liq muhim rezolyutsiya qabul qilinadi.

Rezolyutsiyada baxshichilik san’atining ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini chuqur o‘rganish va mustahkamlash, baxshichilik san’atiga oid ijodiy maktablarning o‘ziga xos ijro uslublari, “ustoz–shogird” an’analarini qayta tiklash va rivojlantirish, elga tanilgan baxshilarning mahorat darslarini tashkil etish, yosh baxshilar o‘z san’atlarini namoyon etish uchun keng imkoniyatlar yaratish, baxshichilik san’atining eng sara namunalarini to‘plash, baxshichilik san’ati namunalarining fondini yaratish, ularning audio va video variantlarini ko‘paytirish, baxshichilik san’atini yurtimizda va dunyoda keng targ‘ib etish, baxshichilik san’ati yo‘nalishida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, baxshichilik san’atini tadqiq etuvchi folklorshunos olimlarning o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, yurtimizdagi va xorijlik folklorshunos olimlar  ishtirokida  turli xalqaro anjumanlar va tanlovlar tashkil etish, baxshichilik san’atini keng targ‘ib etishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, televideniye va internet imkoniyatlaridan samarali foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish zarurligi ko‘zda tutilgan.

 

Sh. Suyarov,

Sh. Ortiqboyev,(surat) O‘zA