O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan mamlakatimizda yoshlarni sportning texnik va amaliy turlariga mashq qildirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish hamda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan sohalarda ta’limni yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashkilotning Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tasarrufidagi Ellikqal’a tumani o‘quv sport texnika markazida zamonaviy avtodromning foydalanishga topshirilishi ham ana shu maqsadlarni amalga oshirishga xizmat qiladi. Uning ochilish marosimida Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug harbiy xizmatchilari, "Vatanparvar" tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi, shahar va tuman o‘quv sport texnika klublari, hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda transport sohasini rivojlantirish va yosh avlodni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan ko‘plab tashabbuslar orasida haydovchilikka o‘qitish kurslarini zamonaviy avtodromlar bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 avgustdagi “Avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatini litsenziyalashga oid qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumanning o‘quv sport texnika markazida zamonaviy avtodrom tashkil etildi. Bugungi kunda haydovchilikka o‘qiyotgan yoshlar uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish, o‘quv jarayoniga zamonaviy texnologik jarayonlarni joriy etish, ularga sifatli ta’lim berish, malakali haydovchilarni tayyorlash, shuningdek yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbirda Ellikqal’a, Beruniy, To‘rtko‘l, Amudaryo, Qo‘ng‘irot, Xo‘jayli tumanlari o‘quv sport texnika markazlariga zamonaviy Chevrolet Onix yengil hamda Foton yuk avtomobillari topshirildi.


Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti Markaziy kengashining raisi Xusan Batirov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri