Toshkent viloyat hokimi tashabbusi bilan hududda transport sohasidagi xizmatlarni yaxshilash bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Unga ko‘ra, Transport boshqarmasi aholi vakillarining fikrini o‘rgangan holda, barcha shahar va tumanlardan viloyatning ma’muriy markazi Nurafshon shahri va poytaxtga yangi qatnov liniyalarini ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu yangi tashkil etilayotgan jamoat transport yo‘nilishlarining markazida Nurafshon shahri turishi rejalashtirilgan. Mazkur sa’y-harakatlar asosida brutto-shartnoma asosida 21 ta yo‘nalishga 170 ta yangi avtobuslar xarid qilinishi belgilangan. Bu borada tadbirkorlar tanlovlar asosida aniqlanib, Angren shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “ANGREN AVTO GROUP” MCHJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan 15 ta “YUTONG” rusumli avtobuslarni bank krediti asosida xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Avtobuslar yaqin kunlarda olib kelinib, foydalanishga topshiriladi.

Bundan avval, Olmaliq shahrida ro‘yxatdan o‘tgan “OLMALIQ TRANS SERVICE” MCHJ tomonidan ham 83 ta avtobus xarid qilish borasida Xitoy kompaniyasi vakillari bilan shartnomalar imzolanishiga kelishilgan edi. Maqsad zamonaviy avtobuslarda yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish, shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan elektron to‘lov tizimini tatbiq etishdir. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, joriy yilda jamoat transporti yetib bormagan hududlarni ham qamrab olgan holda 12 ta yangi yo‘nalishlar tashkil etiladi.
Shuningdek, avtotransportlarni dispetcherlik markaziga integratsiya qilish va shahar avtobus yo‘nalishlarida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yiladi.

A.Musayev, O‘zA