So‘nggi yillarda Urganch zamonaviy “smart”, ya’ni “aqlli shahar”ga aylanib bormoqda. Chunki, joriy etilgan «aqlli shahar tizimi» bu yerda yashash qulaylashishi uchun infratuzilmalar bexato ishlashini ta’minlay boshladi.
Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yagona tizim esa elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish, chiqindi korxonalarini situatsion markaz bilan bog‘lab turadi. Har bir yo‘nalish sun’iy intellekt asosida tahlil qilinadi.
Viloyat markazida harakatlanayotgan 400ga yaqin zamonaviy avtobuslar ham avtomatlashgan tizimda harakatlanadi.
– Dunyo miqyosida transport sohasini raqamlashtirish va intellektual boshqaruv texnologiyalarini joriy etish tendensiyasi keng ommalashib bormoqda, – deydi viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Temurbek Sotimov. – Mamlakatimizda ham ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida bizning viloyatimizda ham jamoat transportini modernizatsiya qilish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugun jamoat transportini boshqarishda mutlaqo yangi yondashuv — brutto-shartnoma tizimiga muvofiq, tashuvchilar harakatlarining samaradorligi va sifat ko‘rsatkichlari avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilinib boriladi. Ya’ni Shuningdek, avtomatlashtirilgan dispetcherlik va nazorat tizimlari orqali har bir avtobusning harakat yo‘nalishi, vaqti, yo‘lovchi soni va texnik holati doimiy monitoring qilinadi. Transport xizmati tariflari esa “Bosib o‘tilgan yo‘l”, “Xizmat ko‘rsatish sifati” kabi mezonlarga asosan shakllantirilib, shaffoflik va natijaviylikni ta’minlaydi. Bu esa haydovchi va xodimlardan alohida mahorat va malakani talab etadi.
Odatda Urganchning serqatnov yo‘llarida tinmay harakatda bo‘ladigan 160 nafar haydovchi bu gal rulni bir oz chetga surib, o‘quv auditoriyasiga yo‘l oldi. Ular uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar aralashtirilgan, zamonaviy - interaktiv o‘quv dasturi tayyorlandi.
Mashg‘ulotlar shahar tashish tizimini yanada takomillashtirish, yo‘lovchilar xavfsizligini yuqori pog‘onaga ko‘tarish hamda haydovchilarning kasbiy mahoratlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Zero, jamoat transporti shahar qon tomiridek muhim soha. Uning barqaror va xavfsiz ishlashi har bir fuqaroning kundalik turmushiga bevosita ta’sir qiladi.
Tajribali mutaxassislar haydovchilarga yo‘l harakati qoidalaridagi so‘nggi yangiliklar, xavfsizlik standartlari, xizmat madaniyati va stressni boshqarish metodlari haqida batafsil tushuntirishlar berishdi.
– Viloyatimizda aholi sonining o‘sishi natijasida jamoat transportiga bo‘lgan talab va ehtiyoj yil sayin ortmoqda, – deydi “Xorazm yo‘lovchi tashish monitoring va nazorat” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari Bekzod Zaripov. – Bu esa, o‘z navbatida, jamoat transporti xizmati sifatini oshirish, haydovchilik madaniyatini yuksaltirish, ularni bugungi davr va sharoitga moslashtirishni taqozo etadi. Mashg‘ulotlardagi har bir haydovchi faqat avtobusni boshqarishga emas, balki barcha yo‘lovchilar xavfsizligi uchun javobgar shaxs sifatida o‘z rolini yanada chuqur his etmoqda.
Mashg‘ulotlar davomida shahardagi yo‘l infratuzilmasidagi o‘zgarishlar, kamera orqali nazorat tizimlarining yangilanishi va tezkor vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi muhim mavzular ham atroflicha muhokama qilindi.
– Haydovchilikda 25 yillik tajribam bor, – deydi “Bunyod yo‘lovchi tashish” mas’uliyati cheklangan jamiyat avtobus haydovchisi Zafar Saidov. – Turli transport vositalarini boshqarganman. Biroq hozir biz boshqarayotgan avtobuslar zamonaviy bo‘lib, haydovchi va yo‘lovchilar uchun juda ko‘p imkoniyat va qulayliklarga ega. Ulardan to‘g‘ri foydalanish uchun transportning tuzilma hamda qurilmalarini to‘liq o‘rganishimiz lozim. Har bir haydovchi o‘zini qiziqtirgan savollarni berib, kerakli malakani olmoqda. O‘zaro mulohazalar almashmoqdamiz. Bu jarayonlar o‘quv muhitini yanada jonli va samarali qilmoqda.
[gallery-26459]
Ochiq maydonda o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar haydovchilar uchun haqiqiy sinov maydoniga aylandi. Ular maxsus belgilar, to‘siqlar va real voqelikka yaqinlashtirilgan vaziyatlarda harakatlanib, turli ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishdi. Ustoz instruktorlar esa har bir xatoni bartaraf etish usullarini amaliy ko‘rsatib berishdi.
Xullas, o‘quv-mashg‘ulotlar davomida har bir haydovchi nafaqat o‘z mahoratini sinadi, balki yangi ko‘nikmalarni ham o‘zlashtirdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YnADb9zlJn0" title="Zamonaviy avtobuslar – "aqlli shahar"da qulay harakat garovi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat, video), O‘zA