Davlat rahbarining 2023-yil 31-iyulda qabul qilingan “Tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan, Koreya eksport-import banki bilan hamkorlikdagi “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasi doirasida Sirdaryo viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari 35 turdagi jami 443 ta zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.
— Mazkur tibbiy uskunalar tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari hamda markaziy shifoxonalarda foydalanish uchun tasdiqlangan reja asosida taqsimlandi, — deydi hozirgi kunda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Yorbek Mamanazarov. — Yangi tibbiy jihozlar viloyatimizda istiqomat qiluvchi tuman (shahar) aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlarini kengaytirish, kasalliklarni erta aniqlash hamda tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Eng asosiysi, ushbu jihozlar orasida tezkor va aniq tashxis qo‘yish imkonini beruvchi raqamli S-ARM rentgen uskunasi, mobil rentgen, raqamli statsionar rentgenografiya uskunalari, yurak-qon tomir tizimi holatini aniqlashda qo‘llaniladigan doppler va kardiodatchikli ultratovush apparatlari mavjud.
Shuningdek, mikroskop va video tizimlari bilan jihozlangan LOR-kombayn uskunalari to‘plamlari, narkoz apparatlari, katta va kichik xirurgik to‘plamlar, ayollar salomatligini muhofaza qilish maqsadida ginekologik tekshiruv va tashxislash uchun videokolposkop hamda akusherlik asboblar to‘plamlari yetkazib berildi.

Bundan tashqari, jarrohlik amaliyotlari va kardiologik monitoring uchun elektrojarrohlik koagulyatori, EKG va xolter monitoring uskunalari ham joylarga taqsimlandi. Shu bilan birga, tibbiyot birlashmalari kardiomonitorlar, ENT kombinatsiyalangan qurilmalar, katta va kichik xirurgik aspiratorlar, shprits nasoslari kabi zamonaviy uskunalar bilan ham ta’minlandi.
Oftalmoskop, audiometr va boshqa zarur tibbiy jihozlar esa tibbiy xizmatning barcha yo‘nalishlarida samarali foydalanish imkonini yaratmoqda.
— Ushbu zamonaviy uskunalar viloyat aholisiga ko‘rsatilayotgan birlamchi va ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifati hamda samaradorligini sezilarli darajada oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va zamonaviy diagnostika hamda davolash imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi, — deydi Yorbek Mamanazarov.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, davlat rahbari qarori ijrosi doirasida keltirilgan tibbiy apparat va uskunalar nafaqat tibbiy xizmat ko‘rsatish tezligi va aniqligini oshiradi, balki shifokorlar uchun ham zamonaviy va qulay ish sharoitini yaratadi.
G‘ulom Primov, O‘zA