English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonaviy agrokompleks faoliyati ilg‘or birja mexanizmlari asosida tashkil etiladi
14:01 / 2024-10-08

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Zamonaviy agrokompleks faoliyatini ilg‘or birja mexanizmlari asosida tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ huzurida “Agro Exchange” MCHJ tashkil etilgan. Uning asosiy vazifalari:

aholi tomorqalarida, shuningdek, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin bozor narxida sotishga ko‘maklashuvchi “Uzex Agro” elektron savdo platformasining uzluksiz faoliyatini ta’minlash;

platformani texnik qo‘llab-quvvatlash va ko‘rsatiladigan xizmatlarni bozor tamoyiliga asoslangan holda doimiy takomillashtirib borish;

hududlardagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘sh turgan yer maydonlarini o‘zlashtirish orqali zamonaviy agrokomplekslarni tashkil qilish;

agrokomplekslar atrofida jozibador investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

Hukumatning mazkur qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ 2024 yil 15 oktyabrga qadar platforma ishga tushirilishini ta’minlaydi. Bunda quyidagilar:

platformada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar bilan mahsulotni sotib oluvchi va kafolatli yetkazib beruvchi, xatarlarni sug‘urtalovchi, shuningdek, eksport qiluvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro onlayn shartnomalarni tuzish hamda jarayonlar ishtirokchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi kompleks mexanizmlarni aks ettirish;

platformani ishlab chiqish va uning uzluksiz faoliyatini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish inobatga olinadi.

Platforma O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portali hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Online mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi;

davlat buyurtmachilari va ularga autsorsing asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini platforma orqali xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi;

aholi tomorqalarida, fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha amalga oshirilgan savdolar natijalariga ko‘ra o‘rtacha narxlar shakllantiriladi va har kuni platformada e’lon qilinadi. Davlat buyurtmachilari xaridlarni amalga oshirishda ushbu o‘rtacha narxlardan foydalanadi;

2025 yil 1 yanvarga qadar aholidan, dehqon va fermer xo‘jaliklaridan platforma orqali mahsulot sotganligi uchun vositachilik haqi undirilmaydi.

Qaror bilan “Uzex Agro” elektron savdo platformasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

O‘zA