English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonamiz qahramonlari aslida oramizda
17:30 / 2024-08-12

“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” nomli bosh g‘oya asosida mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yillik to‘yini munosib kutib olish maqsadida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari avji pallaga kirgan.

Ana shunday targ‘ibot tadbirlaridan biri Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston san’at va madaniyat instituti professori Sayyora To‘ychiyeva, dotsent Ilhom Sodiqov, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori, iste’dodli dramaturg Abbos Nizamov hamda san’at va madaniyat sohasi professor o‘qituvchilari, madaniyat xodimlari Sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi va Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi mehnat jamoalari vakillari bilan uchrashdi. 

Mehmonlar o‘zlarining ijodiy chiqishlari, ma’ruzalari hamda milliy va estrada yo‘nalishidagi kuy-qo‘shiqlari bilan kombinat mehnatkashlarining qalbiga bir olam shukuh olib kirdi. Darhaqiqat, bu yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari qo‘sh bayramni kutib olmoqda. Mustaqilligimizning 33 yilligi va OKMKning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan o‘tkazilayotgan qator tadbirlarda yurt madhi, Vatan, mamlakat taraqqiyoti haqida so‘z bordi. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati, Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, xotin qizlar va gender tenglik bo‘ycha maslahat kengashlari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar respublikamizdagi, xususan kombinatdagi har bir inson qalbida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik va shukronalik hissini yanada oshiradi. 

Tadbirda Abbos Nizamov kombinatda mehnat qilayotgan insonlar hayoti misolida zamona qahramoni timsoli yaratib, drama yozish maqsadini bildirdi. Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgan bir davrda, taraqqiyotning muhim asoslari bo‘lgan ma’naviyat va ma’rifatga e’tibor kundan-kunga ortib bormoqda. 

Shu jihatdan jamiyatda ma’naviy muhitni yaxshilash, yosh avlodni bilimga chorlash, mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlash g‘oyalarini targ‘ib qilishda mana shu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish o‘z samarasini bermoqda. 

O‘zbekiston San’at va madaniyat instituti bilan Do‘stlar klubi doirasidagi bu kabi targ‘ibot tadbirlari kombinatning boshqa kon va korxonalarida ham davom etadi. 

A.Musayev, O‘zA.