French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamonamiz Barchinoyi chegarachilar huzurida
21:10 / 2022-07-21

DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli Surxondaryo viloyati Uzun va Sariosiyo tumanlarida joylashgan harbiy qismlarda 2021 yilda Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan Paralimpiya o‘yinlarida zafar quchib, oltin medalni qo‘lga kiritgan, “O‘zbekiston iftixori” unvoni sohibasi Guljanoy Naimova bilan davra suhbati tashkil etildi.

Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida tug‘ilgan para-taekvondochimiz Guljanoy Naimova XVI Paralimpiya o‘yinlarining yakunlanish arafasida (+58 kg. vazn toifasida) braziliyalik Menezes Bezerrani 8:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, mamlakatimizga oltin medalni keltirgan edi.

Mamlakat miqyosidagi musobaqalarda toblangan Guljanoy 2017 yil terma jamoa tarkibida Janubiy Koreyada o‘tkazilgan xalqaro musobaqada kumush, Portugaliyada kechgan chempionatda bronza, 2018 yil Londondagi jahon chempionatida bronza, Vetnamdagi Osiyo chempionatida oltin, 2019 yil Turkiyaning Antaliya shahri mezbonlik qilgan jahon chempionatida kumush, Iordaniyadagi Osiyo chempionatida esa bronza hamda Italiyada o‘tkazilgan Yevropa ochiq chempionati kumush medallarini qo‘lga kiritgan tajribali sportchi.

– O‘yinlar davomida murabbiylarimning vaqtida to‘g‘ri ko‘rsatmalar berishi, g‘alabaga bo‘lgan intilishim, yurtimiz sha’ni va xalqimizning ishonchini oqlashdek ulkan tuyg‘ular meni chempionlik sari yetakladi, – deydi Guljanoy Naimova. – Kelgusidagi vazifam esa – chempionlikni himoya qilish va izimdan kelayotgan uka-singillarimni g‘alabalarga tayyorlashdan iborat.

Hayotiy qiyinchiliklarga taslim bo‘lmasdan, irodali bo‘lib, yuksak insoniy fazilatlar bilan yashash, momolardan meros or-nomus, hayo-ibo fazilatlarini o‘zida mujassam qila olish yoshlarimizni Vatanning iftixoriga, cheksiz faxriga aylantiradi.

– Paralimpiya chempioni Guljanoy Naimova bilan tashkil etilgan ushbu uchrashuv taassurotlarga boy, qiziqarli va mazmunli kechdi, to‘g‘risini aytsam, uchrashuv menga alohida motivatsiya berdi, - deydi katta leytenant D.Jo‘rayev. – O‘ylaymanki, yoshlarimiz ham bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazib, sport bilan shug‘ullansalar kelajakda yurtimiz bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarib, ulkan yutuqlarga erishadi.

Uchrashuv davomida harbiy xizmatchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi. Guljanoy Naimovaning imzoli charm qo‘lqopi harbiy qismga esdalik sifatida topshirildi. Tadbir yakunida harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan sport ustasiga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.

F.Bobojonova, mayor.

O‘zA