Jamiyatning ajralmas bo‘g‘ini sanalgan oilada farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni bilimli va zakovatli etib kamolga yetkazishda xotin-qizlarning o‘rni beqiyos.
Shuning barobarida nozik xilqat sohiblarini har tomonlama rag‘batlantirish, ularni dolzarb muammolarini hal etish, biznesga jalb etish davlatimiz siyosatida ustuvor ahamiyatga ega.

Bu borada Prezidentimizning 2024 yil 7 martdagi “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturulamal bo‘lmoqda.
Mazkur hujjat ijrosidan kelib chiqqan holda, Namanganda ayol-qizlarni ishbilarmonlikka yo‘naltirish, hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqa xo‘jaligi kabi uy mehnatini rivojlantirish orqali daromad topishga ko‘maklashish borasida salmoqli ishlar davom etmoqda. Viloyatda bugungi kunda 3 million 177 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 49,2 foizi, ya’ni 1 million 600 mingga yaqini xotin-qizlarni tashkil etadi.

Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yoqubovaning qayd etishicha, o‘tgan 2025 yil davomida 114 mingdan ortiq ayollarning bandligi ta’minlangan. Bu ko‘rsatkichni oxirgi uch yilga nisbatan solishtirganda 2,8 barobar o‘sishga erishilganligi diqqatga molik.

E’tiborlisi shundaki, Markaziy bank Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan amaliy sa’y-harakatlar natijasida o‘tgan yilning o‘zida moliyaviy madad xizmatlari hajmi 100 barobarga ortishiga erishilib, 40 ming 650 xotin-qizga 1,4 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Qolaversa, xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilishda “Ayollar” daftari muhim o‘rin tutmoqda. 2022-2025 yillarda viloyatdagi 754 ta mahallada amalga oshirilgan olti bosqichli xatlov davomida 373 mingdan ortiq xotin-qizlar mazkur ro‘yxatga kiritilib, 176 552 nafari ishga joylashtirildi. Jamg‘arma hisobidan 316 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar moddiy, ijtimoiy, iqtisodiy yordamlar uchun yo‘naltirildi.

Bundan tashqari xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlashda viloyatning barcha shahar va tumanlaridagi 50 ga yaqin mahallalarda tashkil etilgan “Oila va xotin-qizlar maskanlari”ning roli ijobiy samara bermoqda. Sakkiz nafardan malakali mutaxassis ish olib borayotgan har bir markazda 28 ming 400 dan ortiq oila vakillari, yosh onalar, uy bekalari o‘quv mashg‘ulotlariga jalb etilib, ular tikuvchilik, gulchilik, issiqxona va tomorqa xo‘jaligi, kompyuter savodxonligi, asalarichilik, pazandachilik, chorvachilik, qandolatchilik, kashtachilik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitildi.

Qolaversa, “Xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari”ga jalb qilingan 11 ming 687 nafar tinglovchi lider hunarmandlarga biriktirildi. Buning natijasida esa, 523 nafar ayol tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi va 127 xonadonda kichik ishlab chiqarish sexlari tashkil etildi.
Namangan tumanining Navro‘z mahallasida istiqomat qiluvchi Sahobat Nuriddinova gulchilik yo‘nalishida 25 nafar doimiy, uy sharoitida kasanachilik orqali esa 240 nafar xotin-qizning bandligini ta’minladi. Bunda Qo‘shchinor, Qo‘qon qishloq va Namuna mahallalaridagi oilalar qamrab olindi. Anjirzor mahallasida yashovchi Sojida Ortiqova tomonidan jun ro‘mol to‘qish bo‘yicha kasanachilik asosida Bog‘ ko‘cha, Bozor boshi, Bo‘ston va Oq buloq mahallalarida mingdan ortiq ayollar uy sharoitida ish yuritmoqda.

Tadbirkor Lazokat Ermatova rahbarligidagi “Gulibonu” tikuvchilik sexida hozirda 20ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan, qolaversa, tumandagi Katta toshbuloq, Navqiron va Chorbog‘ mahallalarida turuvchi 325 nafar ishsiz ayol kasanachilik asosida bandligi ta’minlandi.
Uychi tumani O‘nxayat mahallasidagi tadbirkor Saidaxon Fayziyeva o‘z xonadonida chinni buyumlarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yib, Istiqlol, Quvurboshi va O‘nxayat mahallalaridan 100 nafar ayollarni kasanachilik asosida ishli bo‘lishlariga ko‘maklashdi. Tumaning Jiydakapa mahallasidagi tadbirkor Oydina Abdullayeva esa ishchi qo‘lqop tikish yo‘nalishida 180 nafar ayolning doimiy daromad manbai bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda. Do‘ppi tikishda katta mahoratga ega bo‘lgan kosonsoylik Malika Rahimova Hurriyat, Do‘stlik, Navoiy va Jomiy mahallarida yashovchi 220 nafar, chustlik tadbirkor Nurxon Boboyeva esa Bibiona, Dehqonobod, Xo‘jaobod, Do‘zanda va Navbahor mahallalaridagi 200 nafar xotin-qizga qadimiy hunarga oshno etmoqda.
Chortoqlik tadbirkor Hadisa Jumaboyeva o‘z xonadonida kasanachilik asosida mevani qayta ishlashni yo‘lga qo‘ydi. Bu yerda mehnat qilayotgan Soz-soy va To‘pqayrag‘och mahallaridagi 150 dan ziyod ayollarning oilasiga baraka kirmoqda. Norin tumani Yangi Namangan mahallasida yashovchi Gulsanam Haydarova esa o‘z yashash xonadonida tadbirkorlik markazini tashkil qilib, 25 nafar ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlandi.

– Ayollar bugun nafaqat uy bekasi, balki ham ishbilarmon, ham hunarmand, ham fermer, ham omilkor dehqon sifatida ish o‘rni yaratish, biznesni yo‘lga qo‘yish bilan nafaqat o‘z oilasi, balki jamiyatga birdek naf keltirmoqda, – deydi Uychi tumani hokimining o‘rinbosari – tuman oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Saida Ahmadaliyeva. – Bu borada tuman markazida samarali faoliyat yuritayotgan “Oila va xotin-qizlar maskani” muhim o‘rin tutmoqda. Markazda xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, hunarmandchilik va kasanachilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ayollar uchun fitnes, psixologik maslahat xizmati hamda tibbiyot xonasi ishlab turibdi. Yangi oila qurayotgan yoshlar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilib, oilaviy munosabatlar, huquq va majburiyatlar, sog‘lom oila qurish masalalari bo‘yicha bilimlar berilmoqda. Joriy yilda oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan opa-singillarimizning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘qitish hamda tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator istiqbolli rejalar, muhim vazifalar belgilab olingan.
Viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi, investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi va tijorat banklari, Namangan viloyati fermerlari kengashi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi hamda viloyat savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda aniq chora-tadbirlar bajariladi.
Bundan tashqari viloyatda xotin-qizlar bandligi va farovonligini oshirish maqsadida “Daromadli ayol” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda asalarichilik, hunarmandchilik, tomorqa xo‘jaligi, parrandachilik va kasanachilik yo‘nalishlarida 336 biznes loyiha tatbiq etilib, uning ijrosi uchun tadbirkorlarga 3 milliard 315 million so‘m imtiyozli kredit ajratiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA