Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Zamon talabiga toʻliq javob beradigan kadrlar tarkibini takomillashtirish hamisha muhim!
09:35 / 2020-08-11

Ushbu vazifani davlat organlari va tashkilotlarida toʻgʻri bajarilishi asosan kadr siyosati va kadrlarni boshqarishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanishga bogʻliq.


Oʻzbekiston Respublikasida zamonaviy davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish davlat boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishdagi asosiy vazifasi boʻlib, ushbu tizimdagi davlat xizmatchilarining samarali faoliyat olib borishi davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, qarorlar va dasturlarning sifatli amalga oshirilishiga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻladi.

Ushbu vazifani davlat organlari va tashkilotlarida toʻgʻri bajarilishi asosan kadr siyosati va kadrlarni boshqarishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanishga bogʻliq.

Yurtmizda davlat fuqarolik xizmatini tartibga soluvchi yagona qonun hujjati boʻlmaganligi bois, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur Qonun loyihasida belgilangan asosiy maqsadlaridan biri Oʻzbekiston Respublikasiga davlat fuqarolik xizmatini joriy qilishda samarali va zamonaviy kadrlarni boshqarish texnologiyalarini va usullarini joriy qilishdir. Shuningdek, ushbu jarayonlarda axborot kommunikatsiya texnologiyalardan keng foydalangan holda raqamli texnologiyalarni sohaga keng jalb etish ham koʻzda tutilgan.

Xususan, mazkur qonun loyihasida davlat fuqarolik xizmatidagi boʻsh lavozimlar zamon talabiga mos ravishda ochiq mustaqil tanlovlar asosida eng munosib nomzodlar tomonidan egallanishida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish amaliyotini ham joriy etish qayd etilgan.

TIZIMGA AXBOROT TEXNOLOGIYALARINING JORIY ETILISHI

Ochiq mustaqil tanlovlarning amaliyotga joriy etilishi jarayonlarda inson omilining ishtirokini kamaytirib, korrupsiyaviy holatlar oldi olinishiga xizmat qiladi. Qayd etish kerakki, ochiq mustaqil tanlov orqali qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida davlat fuqarolik xizmatchilarining vakant lavozimlarini egallash uchun tanlovlar oʻtkazishning yagona elektron platformasi (https://vacancy.argos.uz/) yaratildi.

Oʻz oʻrnida, mazkur portal davlat fuqarolik xizmatiga ishga kirmoqchi boʻlgan nomzodlar hujjatlar topshirish borasidagi ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qoʻyib, masofadan turib oʻz maʼlumotlarini tegishli vazirlik yoki idoraga yuborish va maʼlumotlari qaysi bosqichda turganini nazorat qilib borishiga zamin yaratadi. Chunki portal “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga integratsiya qilingan boʻlib, portal vakant lavozimlarga nomzodlarni masofaviy birlamchi malakaviy tanlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, agentlik tomonidan yana bir raqamli texnologiyani tizimga joriy etish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu shaxsni malakaviy qobiliyatlari, bilimi, maʼnaviyati hamda psixologik holatini aniqlashga yordam beruvchi “https://test.argos.uz/uz” davlat xizmatchisi testi modulidir. Ayni vaqtda mazkur tizim amaliyotda sinov tariqasida qoʻllanildi va buning natijasida 14 ta vazirlik va idora hamda 12 ta mahalliy davlat hokimiyati organlarining jami 40 000 ga yaqin xodimlari maxsus test sinovidan oʻtkazildi.

Shuni taʼkidlash lozimki, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining hududiy filiallaridagi 34 ta boʻsh vakant joylariga ochiq mustaqil tanlov eʼlon qilinganda nomzodlarni saralab olishning ikkinchi va uchinchi bosqichida ushbu moduldan foydalanildi.

DAVLAT XIZMATIDA SAMARADORLIK VA NATIJADORLIK

Davlat boshqaruvidagi natijadorlik va samaradorlik nafaqat sifatli kadrlarni ishga qabul qilish va tanlashga, balki xodimlar faoliyatini odilona baholash tizimini ham shakllantirishga bevosita bogʻliqdir.

Yaʼni, kadr siyosatining yana bir zamonaviy texnologiyasi - malakaviy yondashuv (KPI) boʻlib, davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati samaradorligini va sifatini baholash va ushbu baholash orqali ularni ruhlantirish, xodimga oʻz salohiyati va uning lavozimda koʻtarilish imkoniyatlari toʻgʻrisida axborot berish, odilona ragʻbatlantirish orqali ish haqini toʻlash kabi tizimlarni joriy etish hisoblanadi.

Ushbu tizim xorijiy tajribada tijorat korxonalarida keng tarqagan boʻlib, soʻnggi vaqtlarda AQSH, Yevropa davlatlari, Singapur va Koreya kabi rivojlangan davlatlarda davlat xizmatiga ham joriy etilmoqda.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida ham davlat fuqarolik xizmatida faoliyati samaradorligini baholash tizimi (KPI) masalalari alohida aks ettirilgan.

Davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati samaradorligi, uning natijaviyligini baholashda har bir xizmatchining shaxsiy rejasini, oldiga qoʻyilgan majburiyat va vazifalarini qay darajada bajarilishi aniqlanadi. Ushbu jarayonga zamonaviy ilgʻor usullarini joriy etiladigan boʻlsa, albatta, bu jarayon axborot resurslari orqali avtomatik ravishda amalga oshirilishi lozim.

Shuning uchun, Agentlikning vazifalaridan biri sifatida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan funksional majburiyat va topshiriqlarni ijro etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash uchun qoʻllaniladigan va miqdoriy oʻlchash mumkin boʻlgan baholash indikatorlar axborot tizimini yaratish belgilangan. Ushbu vazifani bajarish maqsadida tajriba asosida 
11 tuman (shahar) hokimlarning oʻrinbosarlari uchun eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari ishlab chiqilib ularning faoliyati baholanishi tajriba tariqasida amaliyotga joriy etildi.

FAOLIYAT NAZORATI

Xorijiy tajribada zamonaviy kadr texnologiyalaridan yana biri sifatida kadr auditi ham foydalanilmoqda. Kadr auditi davlat organi va tashkilotlardagi kadrlar salohiyatini va personalni boshqarish tizimini baholash hamda natijasi boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqishni oʻzida mujassam etgan bir yaxlit jarayondir.

Kadr auditining maqsadi davlat organi va tashkilotda kadrlar boshqaruvining joriy holatini, xodimlarining oʻz majburiyat va vazifalarini bajarish sifatini, ular tomonidan olib borilayotgan faoliyat tashkilot vazifalariga qay darajada mos kelishini oʻrganishdan iborat.

Shuningdek, audit jarayonida tashkilotning tuzilmasi uning funksiya va vazifalari, maqsadi va vakolatiga mosligi tahlil qilinadi. Ushbu maʼlumotlar asosida tashkilot faoliyatining samaradorligiga taʼsir qiladigan omil va muammolarni yuzaga chiqarib, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Kadr auditi ikki yoʻnalishda olib boriladi: ichki va tashqi audit. Ichki audit davlat organi va tashkilot kadr boʻlinmasi tomonidan olib boriladigan boʻlsa, tashqi audit mustaqil ekspertlar guruhi tomonidan amalga oshiriladi.

Hozirgi vaqtda asosan xususiy sektorda ommalashgan bu turdagi kadr texnologiyasi davlat xizmatiga ham jadal ravishda kirib kelmoqda. Kadr auditi orqali davlat xizmatining samaradorligi, unda faoliyat olib borayotgan kadrlar salohiyati tahlil qilinadi va undan davlat boshqaruv tizimini isloh qilishda yordam sifatida qoʻllanilmoqda.

YANA BIR KENG TARQALGAN ZAMONAVIY KADR TEXNOLOGIYASI

Xorijiy tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, kadr boshqaruvida yana bir keng tarqalgan zamonaviy kadr texnologiyalardan biri HR-metrika texnologiyasi. Ushbu texnologiya asosan tashkilot kadr boʻlinmasi faoliyatini baholash uchun keng foydalanilib, tashkilotdagi kadr siyosati, rejalashtirilishi qanchalik samarali tashkil etilganligini hamda inson resurslari imkoniyatlaridan toʻla va samarali foydalanilishini aks ettiradi.

HR-metrika tashkilot xodimlari toʻgʻrisidagi kadrlar qoʻnimsizligi, vakansiyalar boʻyicha maʼlumotlar, lavozimda koʻtarilishi, rotatsiya, oʻrtacha mehnat staji, yoshi va jinsi boʻyicha tarkibi, ishda yoʻq boʻlgan vaqti (absentizm), inson rivojlantirishga sarflangan xarajatlar kabi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Ushbu zamonaviy kadr texnologiyasini tajriba asosida vazirlik va idoralarga joriy etish boʻyicha tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qishloq xoʻjaligi vazirligida HR-metrika usulidan foydalanilib vazirlikning markaziy apparati kadrlar sifat tarkibi, gender aspektlari, yosh kadrlar va xodimlarning lavozim pogʻonasida koʻtarilishi tahlil qilinib, kadrlar salohiyati oʻrganildi. Ushbu usuldan boshqa vazirlik va idoralarda keng foydalanish boʻyicha Agentlik tashkiliy ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Xulosa oʻrnida davlat organlari va tashkilotlarga innovatsion kadr texnologiyalarini joriy etish respublikamizda davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish jarayonini jadallashtirib, hozirgi vaqtda qoʻyilayotgan talab va ehtiyojlarga toʻliq javob beradigan kadrlar tarkibini takomillashtirishga olib keladi, deya aytish mumkin.

Muhsina Husanova,
Kadrlar maʼmuriyatchiligi departamenti
bosh inspektori