Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh...
Biz chin maʼnoda yangi davrga oyoq qoʻydik.
Biz chin maʼnoda yangi davrga oyoq qoʻydik. Dunyo bizni qayta taniyapti. Jahonga YANGI OʻZBEKISTON sifatida yuzlanyapmiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatini televideniye orqali jonli efirda koʻrib tinglar ekanman, Vatan va millat hayotida yangilanish zamoni boshlanganini qalbdan his etdim. Hayajondan yuraklarim hapriqib ketdi... Sevinchdan koʻzlarim yoshlandi... Axir ne uchun quvonmay...Va nihoyat, millat sifatida oʻzimizga tanqidiy nazar bilan qaraydigan darajaga koʻtarildik.
Faoliyatimizni xolis baholab, kamchiliklarimizni ochiq-oydin eʼtirof eta boshladik. Haqiqatning koʻziga tik qarash hayotimiz mezoniga aylanyapti. Muborak va xayrli boʻlsin!
Murojaatda davlatimiz rahbari jamiyat hayotining barcha jabhalaridagi muammolar haqida kuyinchaklik bilan gapirdi. Saylov tizimini takomillashtirishdan ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi muammolargacha, undan sud-huquq tizimi oldida turgan vazifalargacha, taʼlim-tarbiyani zamon talablari darajasiga koʻtarish zaruratidan aholi turmush darajasini yuksaltirishgacha, jamiyat taraqqiyoti uchun eng katta gʻov – korrupsiyani bartaraf etish yoʻllaridan islohotlarimizga jiddiy toʻsqinlik qilayotgan “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish yoʻriqlarigacha, tashqi savdoni hamda turizmni rivojlantirishdan hayotimizning barcha jabhalariga eng zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishgacha aniq vazifalar belgilandi.
Tarixga chinakam ibrat nazari bilan qaray boshlaganimiz, ayniqsa, tahsinga loyiq. Ana shu fazilatni nisbatan boy berayozgan edik. Yaqin tariximizda “jadid” degan soʻzni bemalol ayta olmay qolganimiz buning isboti. Abdulla Qodiriy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Hamza kabi buyuk jadidlarning xalqimiz kechmishidagi beqiyos oʻrni va rolini munosib baholash imkoniyati cheklangani har bir vijdonli ziyolining qalbini iztirobga solgani ayon. Davlatimiz rahbarining mana bu soʻzlari, shu jihatdan, menga, ayniqsa, qattiq taʼsir qildi: “2020-yilda xalqimiz tarixining murakkab damlarida, maʼrifat mashʼalasini baland koʻtarib chiqqan ulugʻ alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiyning 145-yillik tavallud sanasi keng nishonlanadi.Umuman, biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz”.
Haqiqatan, oʻtgan asr hamda yashayotganimiz XXI asr oʻrtasida Vatan va millat taqdiri bilan bogʻliq islohotlar kun tartibiga qoʻyilgani jihatidan hayratlanarli uygʻunlik kuzatiladi. Zero, bundan yuz yil muqaddam mutafakkir jadidlar jahondagi taraqqiy etgan millatlar darajasiga yuksalishimiz uchun birinchi navbatda taʼlimni isloh etish zaruratini anglab yetgan. Nainki anglagan, aqlini-yu isteʼdodini, molini-yu jonini ana shu ezgu maqsad yoʻliga safarbar etgan.
Turkiston jadidchilik harakatining rahnamosi oʻlaroq Behbudiy milliy matbuotga asos soldi. Dastlab “Samarqand” gazetasini, u yopilgach, “Oyna” jurnalini taʼsis etdi. “Oyna” millatga latofatini ham, qabohatini ham, fazilatlarini ham, nuqsonlarini ham ochiq koʻrsatadigan chinakam oyna vazifasini oʻtadi.
Oʻsha tahlikali zamonda Mahmudxoʻja Behbudiy “Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (“Umumiy geografiyadan saylanma kitob”) darsligida dunyodagi davlat boshqaruv usullari haqida yozar ekan, “...fuqarolar oʻz oralaridan insofli, ilm va dunyodan xabardor kishilarni oʻzlariga rahbar va boshqaruvchi vakil etib saylashi, saylangan vakillarni podshoh muqarrariy mahkamalargʻa, mamlakatdorlik ishlarigʻa jamlashi,alarni(ng) majlis va mahkamalari “millat majlisi”, “maslahatxona”, “parlament”, “goʻsudarski dum”, “majlisi sinodiy”, “el majlisi” degan ismlar ila yod qilinishi”ni taʼkidlaganki, bu uning olamda kechayotgan siyosiy hodisalar mohiyatini naqadar teran anglaganidan dalolat beradi. Faqat bugina emas. Behbudiyning fikricha, “Millat majlisi” aʼzolari hukumatni mashvarat bilan boshqaradi.Hukmdor mamlakat taqdiri bilan bogʻliq masalalarni shu majlisda muhokama etmay, oʻz xohishicha hal eta olmaydi. Aynan bugungi konstitutsiya va parlamentga tayanuvchi davlat boshqaruvi qoidalariga mos keluvchi bu qarashlar qariyb bir yuzu oʻn besh yil oldin aytilgani eʼtiborga olinsa, Behbudiyning nechogʻliq uzoqni koʻra olgan arbob boʻlgani oydinlashadi. Oʻsha kezlari faoliyat koʻrsatgan siyosiy partiyalar faoliyatiga, xususan, keyinchalik kompartiyaning tashkil etilishiga asos boʻlgan sotsial-demokraticheski (ishtirokiyuni ommaviyun) partiyasiga baho berar ekan, “bu toifaga qoʻshulmoq biz uchun nihoyatda zararlik” ekanini uqtirgani ham allomaning fikri ochiq, dunyoqarashi keng boʻlganini koʻrsatadi.
Bular hali hammasi emas. 1907-yildayoq, tasavvur eting, Turkiston muxtoriyati eʼlon qilinishidan oʻn yil oldin,Mahmudxoʻja Behbudiy “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi”ni tuzib, koʻrib chiqish uchun Rusiya Davlat Dumasiga taqdim etgan edi. Behbudiy tuzgan “Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi”da oʻlkada yashovchi oʻzga din va mazhabdagi kishilar huquqini ham toʻliq kafolatlash nazarda tutilgan edi. Bu, oʻz navbatida, Behbudiy millat va milliyat masalalarini mezon deb bilar ekan, boshqalar huquqini kamsitishdan, azamattalablik(shovinistik) qarashlardan ancha baland turgani isbotidir.
Loyihada quyidagi eʼtiborga molik talablar ilgari surilgan:
–qozixona doirasidagi barcha hujjatlar mahalliy tilda yozilishi;
– adliya mahkamalari sayloviga va undagi mansablarga saylanmoqqa turkistonliklar ham haqli boʻlishi;
– Turkiston maishatidan xabarsiz yuristlarning oʻlka adliya mahkamalariga hokim tayinlanmasligi;
–mavjud qattiq nizomlar va chinovniklarga berilgan hadsiz ixtiyor bekor qilinishi;
– Turkiston maktab va madrasalari hukumat nazoratidan ozod etilishi;
–umumiy oʻrta va oliy maktablarga yerli aholidan komissiya tayinlanishi, rus harfini milliy maktablarga joriy etmaslik;
–Turkiston xalqi talab qilmaguncha oʻlkaga muhojir yuborilmasligi;
–Turkiston shaharlari ichidagi yerlar xoh muvaqqatan, xoh abadiy boʻlsun, muhojirlarga berilmasligi.
“Turkiston madaniy muxtoriyati loyihasi” yozilgan davrdagi murakkab va ziddiyatli siyosiy vaziyat eʼtiborga olinsa, bunday talablarni qoʻyish, yana uni Davlat Dumasiga taqdim etish boshni kundaga qoʻyish bilan barobar boʻlganini his etish mumkin.
Bular buyuk maʼrifatparvar faoliyatining ayrim qirralari, xolos. Mahmudxoʻja Behbudiy va boshqa jadidlarning qizgʻin hayot va ijod yoʻlini ilmiy asosda xolis va mukammal oʻrganish adabiyotshunoslar va tarixchilar, jamiyatshunoslar va siyosatchilar oldida turgan dolzarb vazifalardandir. Prezidentimizning: “Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, degan fikrlari ayni haqiqat. Zero, maʼrifatparvar jadidlar vatanparvarlikning yorqin timsolidir. Vatan va millatga fidoyilikni ulardan oʻrganishimiz zarur.
Behbudiyning qarashicha, chinakam taraqqiyga erishmoq uchun yosh avlod oʻz davri ilmlarini oʻrganish bilangina kifoyalanmasligi kerak. Ertangi kun uchun ham qaygʻurmoq, kelar zamon ilmini-da puxta egallamoq zarur. Ulugʻ maʼrifatparvarning: “Bolalaringʻizga kelar zamon ilmini oʻrgatingiz! Zeroki, alarni Xudoi taolo xalq etdi, sizlarning zamoningizdan boshqa, yaʼni kelar zamon uchun”, degan soʻzlari buning isbotidir. Koʻrinadiki, ulugʻ maʼrifatparvar millat farzandlarining zamondan bir qadam oldinda yurishini istagan, butun faoliyatini ana shu buyuk maqsad yoʻliga safarbar etgan.
Yurtboshimizning bevosita tashabbusi va rahnamoligi bilan mutafakkir jadidlardan Namanganda Isʼhoqxon Ibrat va Toshkentda Abdulla Qodiriy ijod maktablari ochilgani tarixiy adolatning tiklanishi jihatidan ulkan ahamiyatga ega. Bizningcha, tavalludining 145-yilligini munosib nishonlash arafasida SamarqanddaMahmudxoʻja Behbudiy ijod maktabi ochilsa, bugungi avlodlar qalbiga buyuk mutafakkirga xos joʻshqin vatanparvarlik ruhini singdiruvchi maʼrifat maskaniga asos solingan boʻlar edi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga murojaati faqat mamlakat Parlamentigagina emas, balki har bir vatandoshimizga, butun jahon hamjamiyatiga murojaat, deb qabul qilinmogʻi zarur. Bu tarixiy voqea ona Vatanimiz chin maʼnoda taraqqiyga yuz burayotgani, fikrda, soʻzda va ishda birlikka asoslangan yangi davrga qadam qoʻyayotgani isbotidir. Menimcha, ushbu murojaat mudroq qalblarni uygʻotishi, tafakkurni zanglardan tozalamogʻi,aqlni charxlamogʻi zarur. Murojaat barcha pogʻonadagi rahbar xodimlardan oddiy ishchiga qadar, yoshi ulugʻlarimizdan navqiron avlodgacha – butun Oʻzbekiston xalqi uchun yutuqlari-yu kamchiliklarini yaqqol namoyon etadigan oyna vazifasini oʻtashi lozim. Loqaydlik va yalqovlik pallasi oʻtdi. Shijoat va yakdillik, ogohlik va yangilanish zamoni keldi. 2020-yilning “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi zamirida ham ayni haqiqat mujassam. Zamon evrilmoqda, sen-chi, zamondosh!
Nurboy JABBOROV
Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti kafedra mudiri, filologiya fanlari doktori, professor