Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 20-umumta’lim maktabida tuman prokuraturasi hamda maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan “Kitob – axborot asrida ham o‘z qadrini yo‘qotmaydi” loyihasi doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Yurtimizda iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hamda zarur sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida Prezidentimizning 2022 yil 20 yanvarda “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
[gallery-11028]
Qaror ijrosi doirasida intellektual o‘yinlarni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, unga asosan mazkur intellektual o‘yinni doimiy ravishda o‘tkazish belgilangan. Bellashuvda tuman 2-sektor hududidagi 5 ta mahalla va 5 ta maktab yoshlaridan iborat jamoalar o‘zaro kuch sinashdi. Yoshlarning bilim va intellektual salohiyatini sinovdan o‘tkazgan va qizg‘in tarzda kechgan bellashuv davomida har bir ishtirokchining faolligi sezilib turdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 20-umumta’lim maktabi jamoasi 1-, “Nurafshon” mahallasi jamoasi 2- va “Jaloyir” mahallasi jamoasi 3-o‘rinni egalladi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA