Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 yanvardagi tegishli qaroriga asosan «Zakovat» intellektual o‘yinini aholi, xususan davlat xizmatchilari o‘rtasida keng ommalashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan «Vazir kubogi» tashkil etildi.


«Zakovat» intellektual klubi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan musobaqada vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda maktabgacha va maktab ta’lim muassasalari pedagoglaridan iborat jami 72 ta jamoa (420 nafar ishtirokchi) g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi.
Qizg‘in va do‘stona ruhda o‘tgan «Zakovat» intellektual o‘yini natijalariga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi markaziy apparatining «Blokchain» jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining «Usturlob» jamoasi 2-o‘rinni, vazirlik tizimidagi «O‘zbekiston» nashriyot matbaa ijodiy uyining «Strike» jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.


Musobaqaning peshqadam jamoasi – «Blockchain» vakillari Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, g‘olib jamoalar tegishli ravishda oltin, kumush, bronza medallari, maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA