Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zakovat-Gambit” shaxmat turnirining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi
15:22 / 2025-10-24

Poytaxtimizda to‘rtinchi marotaba o‘tkazilgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turnirining bu yilgi musobaqalari har qachongidan-da murosasiz, qiziqarli, o‘ziga xos master-klaslar bilan kechganligi uning qamrovida ham o‘z aksini topdi.

Beshta guruhda tashkil etilgan o‘yinlarning dastlabki saralash musobaqalarida 2 ming nafarga yaqin 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlar qatnashganligi, so‘nggi final bosqichiga ularning 100 nafarga yaqini yetib kelganligi shaxmatning jozibasi ne chog‘li ohangraboli ekanligidan dalolat, deyish mumkin.

Turnirning final musobaqalari jarayonida bolgariyalik jahon chempioni Antoanetta Stefanova hamda germaniyalik Yevropa chempioni Mattias Blyubaum o‘zbekistonlik shaxmatchilar uchun master-klass o‘taganligi, hamyurtlarimiz bilan “aql jangi”ning turfa mavzularida suhbatlashganligi e’tiborli holat bo‘ldi.

Ikki kunlik final o‘yinlari sarhisobiga ko‘ra, to‘rtinchi bor tashkil etilgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turnirining “A” guruhida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Muhammadzohid Suyarov, Humoyun Bekmuratov va Saidakbar Saidaliyev sovrinli o‘rinlarni egalladi.

“B” guruhida Asrorjon Omonov, Muhammadali Abdurahmonov, Biloliddin Obidov, “C” guruhida Sardorbek Saidov, Miraziz Matyoqubov, Saidusmon Shamsiddin, “D” guruhida Islombek Husanov, Muhammadrizo Umarov, Saidxon Ashikmamutov, "Ye" guruhida Akjol Rahmatullayev, Abdulloh Alimov, Firdavs Ramazonov shohsupaga ko‘tarilish baxtiga muyassar bo‘lishdi.

Musobaqa finalining eng kichik ishtirokchisi sifatida 12 yoshli Abdurahmon Rajabov, eng keksa ishtirokchi, deb esa xalqaro grossmeyster 63 yoshli Toir Vohidov e’tirof etilib, munosib taqdirlandi.

Shuningdek,yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni Afruza Hamdamova, mahoratli shaxmatchi qizlarimiz Umida Omonova, Nilufar Imomqo‘ziyeva, Zilola Aktamova, Mohijahon Rahmonova o‘z guruhlarida eng yaxshi ishtirokchi nomiga loyiq ko‘rildi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa tashkilotlarning mutasaddilar har bir guruh g‘olibiga 50 million, kumush medalni qo‘lga kiritgan shaxmatchiga 30 million va bronza medali sohibiga 20 million so‘m miqdoridagi mukofot sertifikatlarini taqdim etishdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA