Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Zakovat-Gambit” shaxmat turniri davom etmoqda
13:35 / 2025-10-23

Bugun, 23 oktyabr kuni poytaxtimizda to‘rtinchi marotaba o‘tkazilayotgan “Zakovat-Gambit” shaxmat turnirining barcha guruhlarida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ladi.

FIDE reytingida munosib o‘rinlarni egallab kelayotgan mahoratli shaxmatchilar, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori o‘rinlarni egallagan grossmeysterlar qatorida iste’dodli “aql gimnastikasi” sohiblari qatnashayotgani musobaqalar har jihatdan murosasiz kechayotganini bildiradi.

Kecha mukofot jamg‘armasi 620 million so‘mdan iborat turnirning “A” guruhida g‘olib va sovrindorlar aniqlangan bo‘lsa, qolgan 4 ta guruhda final o‘yinlarining dastlabki bahslari tashkil etildi.

Murosasiz bahslar natijasida “A” guruhida 9 ta turdan iborat o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtimiz Saidakbar Saidaliyev 7 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. 2-o‘rin 6 ochko jamg‘argan germaniyalik Mattias Blyubaumga nasib etdi. 3-o‘rindan 5 ochko jamg‘argan mahoratli shaxmatchimiz Muhiddin Madaminov qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra joy oldi.

Turnirning “B” guruhida 24 nafar ishtirokchi dona surayotgan bo‘lsa, 5-tur yakunlariga ko‘ra, ular orasida Biloliddin Obidov 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar holatida yetakchilik qilmoqda.

Shuningdek, S” guruhida 4,5 ochko bilan Miraziz Matyoqubov, “D” guruhida 4 ochkoga ega Shohrux Hamidullayev, “Ye” guruhida 5 ochko jamg‘argan Aqjol Rahmatullayev yetakchilik qilmoqda.

Bugun musobaqaning hal qiluvchi bahsida qolgan 4 ta tur o‘yinlari o‘tkaziladi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA